Semplichi Shomurodovni o‘yinga tushirmagani sababini aytdi
Sport
−
29 may 2023
4960Italiya A Seriyasining 37-turida “Spetsiya” va “Torino” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov zaxira o‘rindig‘idan joy oldi.
Yirik 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan “Spetsiya” klubi bosh murabbiyi Leonardo Semplichi o‘yindan keyin fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Juda xafaman. Biz uchun o‘ta muhim uchrashuvda raqibga yetarli qarshilik ko‘rsata olmadik va bahs mana shunday yakunlandi. Ikkita gol o‘tkazgandan keyin maydonda yo‘qolib qoldik. Bunday bo‘lishi kerak emas edi. Asosiy aybni o‘zimga olaman, balki futbolchilarga bu o‘yinning naqadar muhimligini yetkaza olmagandirman”, deydi Leonardo.
“Spetsiya” ustozi endilikda kamchiliklarni bartaraf etib, Rimda bo‘ladigan oxirgi o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rish shartligini ta’kidlab o‘tdi.
“Yetarlicha qiyinchilik bor. Bunday uchrashuvlar har doim bosim o‘tkazadi. Bugun o‘zimiz istagan o‘yinni ko‘rsata olmadik. Endi bir hafta davomida so‘nggi uchrashuvga tayyorgarlikni yanada puxta tashkil qilishimiz kerak”, deydi Semplichi.
Shuningdek, Semplichi o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovga bu safar ham imkoniyat berilmagani sababini izohladi.
“Ko‘p narsada xato qildik, o‘zimizni oqlashimiz noto‘g‘ri. Vaziyatga real baho berish kerak. Asosiy mas’uliyat mening bo‘ynimda. Shu o‘rinda, Eldor Shomurodovni o‘yinga tushirmaganim vaziyat taqozosi ekanini ayib o‘tishim kerak”, deydi Leonardo Semplichi.
Muhsinjon Umurzoqov
LiveBarchasi