Saylov jarayonida halol raqobatga kelishib olindi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2024
2010Bugun, 21 sentyabr kuni siyosiy partiyalar tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalarini partiyalarning rahbarlari tomonidan imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur qoidalar, birinchi navbatda, saylov jarayonini ochiq va adolatli o‘tkazishga qaratilgan.
Qoidalarga muvofiq, partiyalar saylovoldi tashviqot davomida shaxsiy hayot daxlsizligiga tajovuz qilmaslik, sha’ni va qadr-qimmatni himoya qilish hamda saylovchilarga bosim o‘tkazmaslik majburiyatini oldilar. Bu, o‘z navbatida, saylovchilarning erkin tanlov qilish imkoniyatini yaratib beradi.
Shu bilan birga, saylovoldi tashviqotida ommaviy axborot vositalari orqali yolg‘on axborot tarqatmaslik va axloqqa zid faoliyatdan voz kechish kabi shartlar ham qo‘yilgan. Partiyalar ushbu qoidalarga qat’iy amal qilishlari orqali xalq oldidagi mas’uliyatlarini yanada kuchaytirmoqda.
Qoidalarning qabul qilinishi saylov jarayonining shaffofligi va xolisligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatdagi demokratik jarayonlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Rivojlangan davlatlarda odatda bunday bitimlar siyosiy partiyalar yoki nomzodlar o‘rtasida saylov jarayonida insofsiz raqobatni oldini olish, adolatli kurashni ta’minlash, saylovoldi tashviqoti davomida nomzodlarning bir-biriga nisbatan hurmat saqlash va huquqiy cheklovlardan tashqari axloqiy me’yorlarga rioya qilish maqsadida tuziladi.
LiveBarchasi