Saydiahrol To‘xtayev vafot etdi. Prezident ta’ziya bildirdi

Jamiyat

image

Kimyo-texnologiya sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Saydiahrol To‘xtayev kecha, 3 yanvar kuni 79 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov va Bosh vazir Abdulla Aripov ta’ziya bildirdi. 

Saydiahrol To‘xtayev 1942 yil 1 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1963 yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, mehnat faoliyatini Respublika azot sanoati davlat institutining Chirchiq filialida (hozirgi “O‘zkimyosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyati) muhandis-texnolog sifatida boshladi, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kimyo instituti aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi. 

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kimyo institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, O‘g‘itlar institutida laboratoriya mudiri, bo‘lim boshlig‘i, Umumiy va noorganik kimyo institutida laboratoriya mudiri, loyiha rahbari va bosh ilmiy xodim lavozimlarida samarali mehnat qilib, yurtimizda noorganik kimyo sohasining rivojiga, shu yo‘nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Saydiahrol To‘xtayev rahbarligida o‘nlab fan nomzodi va fan doktorlari tayyorlandi.

Zahmatkash olim noorganik kimyo fanining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan yuzlab ilmiy maqolalar, bir qancha monografiya, ko‘plab ishlanma va patentlarning muallifi sifatida mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida hurmat-e’tibor qozondi.

Ayniqsa, uning rahbarligida superfosfat, kaliy sulfat kabi mineral o‘g‘itlar tayyorlashning ilmiy asoslari ishlab chiqilgani respublikamiz qishloq xo‘jaligi rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Akademik Saydiahrol To‘xtayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Saydiahrol To‘xtayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

241

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing