Saudiya Yamandagi urush bo‘yicha majburiyat oldi – Bayden

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashuvdan so‘ng rasmiy Ar-Riyod Yamanda BMT vositachiligida erishilgan sulhni uzaytirish va mustahkamlash majburiyatini olganini hamda Fors ko‘rfazi inqiroziga sabab bo‘lgan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Bloomberg” agentligi xabar berdi. 

Nashr Saudiya boshliq koalitsiya va Yamandagi hutiylar ("Ansorulloh" harakati) o‘rtasida yetti yildan beri davom etayotgan urushning barcha tomonlari aprel oyida erishilgan kelishuvni iyun oyida yana ikki oyga uzaytirganini eslatgan.

Shuningdek, Prezident Bayden Ar-Riyodni barcha tashqi tahdidlardan, jumladan hutiylar tomonidan uyushtiriladigan hujumlardan himoya qilishga va’da bergan.

Prezidentlik davrining boshida Bayden Saudiya Arabistoniga hujum qurollari savdosini to‘xtatib qo‘ygandi. Bu ham yetmaganidek, AQSH ma’muryati hutiylarni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Bu qarorlar ortidan AQSHning arab olamidagi tarixiy ittifoqchisi bilan munosabatlaridagi keskinlik kuchaydi.

Ammo, Bayden ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan yoqilg‘i energetika narxining oshishi iqtisodiyotni izdan chiqarayotgani sababli oraliq saylovlar oldidan Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni yana iliqlashtirishga qaror qildi.

Ma’lumot uchun, 2015 yilda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hutiy isyonchilar Yaman poytaxti Sanoni egallab olib, mamlakat Prezidenti Abd-Rabbu Mansur Xadini hokimiyatdan chetlatgandi. O‘z navbatida Xadi Saudiyadan yordam so‘ragach, Ar-Riyod G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikaning 9 davlati – BAA (2016 yil iyungacha), Sudan (2019 yilgacha), Bahrayn, Misr (2016 yil oktyabrgacha), Quvayt, Qatar (2017 yil iyungacha), Iordaniya, Marokash (2019 yil fevralgacha), Senegalga bosh bo‘lib, Yamanga qo‘shin kiritgan. Shundan beri "Ansorulloh" harakati va koalitsiya kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berayotgandi. Joriy yilning aprel oyida mojaro tomonlari o‘rtasida sulhga erishildi.

Abdulvohid Yoqubov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

146

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing