Saudiya Yaman poytaxtiga havodan zarba berdi
Olam
−
24 dekabr 2021
7965Saudiya Arabistoni boshliq arab davlatlari koalitsiyasi Yaman poytaxti Sano shahriga havodan zarba berdi. Bunga rasmiy Ar-Riyodning Yaman shimolini boshqarayotgan isyonchi “Ansorulloh” (hutiylar) harakatiga mamlakatning asosiy stadionidan qurollarni olib chiqib ketish bo‘yicha qo‘ygan “ultimatum”i muddati tugagani sabab bo‘ldi. Bu haqda Sano mahalliy hukumati RIA Novostiga ma’lum qilgan.
“Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasining jangovar samolyotlari poytaxt Sano uzra ikkita parvozni amalga oshirib, shahar markazidagi ta’minot lageriga zarba berdi”, degan manba.
O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni bosh koalitsiyaning “ Al-Ekhbariya” telekanali uchun bergan bayonotida aytilishicha, hutiylarga berilgan vaqt ichida ular stadiondagi qurollarni lagerga olib o‘tishgan va to‘qqizta qurol omboriga kirishga muvaffaq bo‘lishgan.
Bugun, 24 dekabr kuni erta tongda arab koalitsiyasi hutiylarga Sanodagi milliy futbol terma jamoasi joylashgan va mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan “Al-Tavra” stadionidan qurollarni olib chiqish ultimatumi doirasida berilgan olti soatlik muhlat tugaganini e’lon qilgandi.
Koalitsiyaning stadionni tozalash talabiga javoban Yamanning “Ansorulloh” guruhi yetakchilaridan biri Muhammad Ali al-Hutiy BMT vakillarini Sano shimolidagi sport shaharchasidagi “Al-Tavra” stadioniga borishga chaqirdi. U saudiyaliklarning Sanoga hujumini Isroilning G‘azo sektorini bombardimon qilishiga qiyosladi.
Ma’lumot uchun, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan“Ansorulloh” harakati isyonchilari 2014 yilning sentyabr oyidan buyon Yaman poytaxti Sano va mamlakatning bir qancha hududlarida nazoratni o‘rnatgan.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yaman hukumatini 2015 yilning mart oyidan beri hutiylarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlab keladi.
Ma’lumot o‘rnida, Yaman dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri. Mamlakatda 7 yildan beri davom etayotgan urush oqibatida 233 ming kishi qurbon bo‘lgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 30 million aholiga ega Yaman, dunyodagi eng jiddiy gumanitar inqirozlardan biriga duch kelgan. Mamlakatdagi 22 milliondan ortiq odam yordam va himoyaga muhtoj.
Munira Tursunova
LiveBarchasi