Sardor Rahimxon: “Odamlar yetim uchun cho‘ntagidan bir so‘m chiqarmaydigan bo‘lib qolgan”

Jamiyat

image

Hadislarda “Kim Alloh azza va jalla uchun bir yetimning boshini silasa, qo‘li nechta sochning ustidan o‘tsa, shuncha hasanot yoziladi”, deya aytiladi.

Iztirobli bolalik, sog‘inch, achchiq ko‘z yoshlar... Afsuski, oramizda ota-ona mehri, e’tiboriga tashna bolalar talaygina. Atrofdagilarning ezgu amallari, dil so‘zlari, ko‘maklari ota-ona mehri o‘rnini bosmasa ham norasidalarning kelgusi hayoti uchun dastak bo‘lishi aniq. Ana shu maqsadda yo‘lga qo‘yilgan “60 kabutar” loyihasining navbatdagi bosqichida ham mehrga muhtoj bolalarga qo‘l uzatildi. 

Bugun, 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan marosimda turli hududlardan kelgan mehr va muruvvatga muhtoj bolalar jamlandi. Ularning har biriga 1 million so‘mdan pul yordami, bundan tashqari, 20 ta velosiped, 20 ta tikuv mashinasi, 5 ta televizor, 12 ta leptop, 1 ta konditsioner, 1 ta muzlatgich, 3 ta telefon, 3 ta planshet kabi sovg‘alar topshirildi.

Sovg‘alarni aralash jang san’ati sportchisi, Osiyo chempioni Mahmud Murodov topshirdi. U har doim bolalarni qo‘llab quvvatlashga tayyorligi va yaqin kunlarda mehrga muhtoj bolalar uchun bepul sport maktabi ochishni rejalashtirayotgani haqida ham aytib o‘tdi.

Loyiha rahbari Sardor Rahimxon tadbirga tashrif buyurgan mehmon va ishtirokchilarga faqat suratga tushish bilan ovora bo‘lmay, aksincha, bolalarga mehr ulashish zarurligini eslatdi. Tadbirni tashkillashtirishda yaqindan yordam bergan insonlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.

“Ko‘pchilik nima uchun bu xayrli amallarni videoga olasizlar?”, deya savol beradi. Azizlar, bu – ibrat. Biz faqat ko‘rgan narsalarimizga ishonadigan bo‘lib qoldik. Ayrim odamlarga “Ehsonning mukofoti – faqat ehson, yetim uchun bir so‘m ber”, desak, bermaydi. Toki shuni ko‘rsatib, qalbini yorib o‘tib, yig‘latmaguncha, odamlar cho‘ntagidan bir so‘m chiqarmaydigan bo‘lib qolgan. Shuni tushuningki, bu – ibrat loyihasi. Qilayotgan ishlarimizni Alloh riyodan saqlasin. Maqsadimiz faqatgina Allohning roziligi va shu bolajonlarning xursand bo‘lishidir. Ular doim bizning nazoratimizda, biz hamisha ularning yonidamiz. Nafaqat bu sovg‘alar bilan, balki hayot yo‘llarida qo‘ldan kelgancha madad bo‘lamiz. “Yurak amri” millionlab insonlarning loyihasi”, deydi Sardor Rahimxon xalqdan duo so‘rab.

U so‘zini yakunlar ekan, “Bizni yaxshilik qutqaradi, qizlarimizning bugungi quvonchlari nasib etsa hammamizning gunohimizni yo‘qqa chiqaradi”, deydi Rahimxon.

Shodiyona bolajonlar uchun kutilmagan hodisalar bilan boshlandi. Noz-ne’matlarga to‘la dasturxon, o‘yinlar, afsonaviy ertak qahramonlari va ular ishtirokidagi sahna chiqishlari bolalarning kayfiyatini ko‘tardi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

569

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing