Sardobadagi toshqinda suv ostida qolgan birinchi mahalladan reportaj (foto+video)

Jamiyat

Sardoba fojiasi. Internetda ko‘rganlarimizni ko‘z oldimizga keltirish, eshitganlarimiz bo‘yicha fikr yuritish oson, ammo xulosa qilish qiyin. Ijodiy jamoamiz bilan “Sardoba” suv omboriga eng yaqin bo‘lgan hududga yo‘l oldik. Bu yerga hozirgacha jurnalistlar qadami yetib bormagan. 

Darvozalarni suyab turgan devorlar qulagan. Ayrim uylar qoq ikkiga bo‘lingan, ba’zilarining tomi bosib qolgan, yana ko‘plarining poydevori toshqinga bardosh berolmagan. Uylar 1-1,5 metrgacha suvga to‘lgan.

1 mayning sahari

Bir umr maktabda o‘qituvchilik qilgan Nazira opa 8 sotixli hovlisida 15 kishilik oila a’zolari bilan istiqomat qilib kelayotgandi. Kun yorishmay uyg‘onishga odatlangan Nazira opa o‘sha kuni negadir uxlab qoldi. Tashqaridagi shovqin, baqir-chaqir va bemavrid bo‘lgan telefon ovozi butun oilani sergak torttirdi. 

“Har kuni erta uyg‘onardik. Aksiga olib shu kuni uxlab qolibmiz. Ko‘chadan shovqin eshitildi. “Sovxoz zemlemeri” Toir qo‘ng‘iroq qilib, “darhol chiqib ketinglar”, dedi. O‘sha zahoti nevaralarni kiyintirib, uydan chiqib ketdik. Yaxshiyam mashinamiz bor ekan, qo‘shnilarni “telashka”ga joylab, mahalladan chiqib ketdik. Shukurki kulfatdan jonimizni saqlab qoldik. Sobiq ittifoq davrlarida davlat qurgan uylar qolib, keyinroq o‘zimiz vaqtincha qurgan uylar vayronaga aylandi. 

Harbiylarga rahmat. Uyda qolib ketgan narsalarimizni olib chiqib berishdi. Muhimi hujjatlarimizga ziyon yetmabdi”, deydi Nazira Ahmedova.

Nurali Keldibekov

Uy – vatan ichra bir vatan. Bunda farzandlarimiz tilidan chiqqan ilk kalomlar, to‘ylarimizda aytilgan yor-yorlar, oilamiz bilan kechirgan eng go‘zal damlar xotiralari yashaydi. Uylar suv ostida qoldi, yiqildi, vayron bo‘ldi, ammo xotiralar o‘chgani, singani yo‘q. 

“Xudoga xush kelgan tarafimiz bor ekan. Agar bu voqea yarim kechasi ro‘y berganda, hammamiz g‘aflatda qolarmidik... Bu xonadonda xotiralarim juda ko‘p. Farzandlarimning to‘ylarini qilganmiz, nabiralarim shu yerda tug‘ilgan, ularning ena degan so‘zlarini shu yerda eshitganmiz. Eslasam, yuragim orziqib ketadi. Lekin uyimiz shu ahvolga tushganini ko‘rib, ko‘zimdan bir tomchi yosh chiqqani yo‘q. Farzandlarimning yonida madad bo‘ldim. Mol-mulk qaytadi, muhimi o‘zimiz omonmiz. Yonimizda davlat, Prezident turibdi”, deydi Nazira Ahmedova. 

Nazira Ahmedova

Qo‘rg‘ontepa mahallasi Nurali Keldibekovning uyidan boshlanadi. Suv bu xonadonga ham zarar yetkazgan, ammo uy mustahkamligiga emas. Ushbu xonadon tashqaridan kelgun oqim sabab loyga to‘lgan. Unda ikki narsa e’tiborimizni tortdi. Biri loyga bulg‘anib yotgan yumshoq o‘yinchoq bo‘lsa, ikkinchi muqaddas Ka’ba tasviri tushirilgan devorda osig‘liq turgan soat. Bolalar o‘yinchog‘iga qarab, shukrki toshqinda faqat o‘yinchoqlar zarar ko‘rdi, bolalar emas deysiz. Devordagi soat esa bugungi kunlarga ham sabr bilan, faqat O‘ziga iltijo qilishga ishoradek. 

Nurali Keldibekov 10 gektar yer maydoniga qovun ekan. Har kuni kun yorishay deganda polizga yo‘l oladi. O‘sha kuni ham shunday bo‘ldi. Yo‘l yarimlaganda esa ortiga qaytdi. 

“Soat 5:15 lar atrofida edi. Yo‘lda amakilarimni ko‘rdim, suv bosib ketibdi, deyishdi. Hazil deb o‘yladim va yo‘limda davom etdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, voqea haqiqat ekan. Suv juda dahshatli oqayotgan edi. Oyoq-qo‘lim qaltirab, xayolimga birinchi kelgan fikr onamga qo‘ng‘iroq qilish bo‘ldi. Oilamni, qo‘ni-qo‘shnilarni olib uzoqroqqa qochdik. Ko‘prikdan uyimning suvga to‘lishini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turdim”, deydi Keldibekov. 

Bu safsata emas. Balki xavf bilan yuzma-yuz kelganlarning jonli hikoyalari. Bugun mahalladagi aksariyat uylar qulagan, jonivorlar halok bo‘lgan bo‘lsa-da, mahalladagilar baribir yana o‘zlarining qadrdon go‘shalariga, qo‘shnilari bag‘riga qaytish istagida.

Ayni vaqtda hududda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mingdan ortiq harbiylari mahalla va uylarni suv va loylardan tozalash, aholining qaytishiga sharoit yaratish maqsadida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Harbiylar odamlarning qo‘lini sovuq suvga urdirmayotgani haqida biz gapirsak, lof deb o‘ylarsiz, ammo bu bizning emas, mahalla fuqarolarining gapi.

“O‘sha kuni uyga tushdan keyin qaytdik. Holatni ko‘rib turibsiz. Hozir ancha o‘nglanib qolgan. O‘sha kuni juda dahshatli edi. Hovlidagi uchta molimdan bittasi o‘libdi.  

Davlatimiz juda katta yordam beryapti. Respublika hududlaridan kiyim-kechak, oziq-ovqat yuborildi. Ko‘rib turibmanki, biz xalq bo‘lib jipslashyapmiz. Harbiylarmizdan ham minnatdorman. Gapni ochig‘ini aytay, qo‘limni sovuq suvga urdirishmayapti. 

Qovunlarimga zarur yetmadi. Iyulning oxirlarida qovun sayliga chaqiramiz”, deydi Keldibekov shukronalik bilan. 

“Mahallada 530 xonadon mavjud. Ulardan og‘ir zararlanganlari 140 ta. Birinchi navbatda ana shu uylardagi suv va loy bartaraf etilmoqda. Har bir hududda, jumladan Qo‘rg‘ontepa mahallasida ham Mudofaa vazirligining mingdan ortiq harbiy xizmatchilari faoliyat olib bormoqda. Tirik qolgan uy hayvonlari va odamlarning birlamchi zarurati bo‘lgan buyumlarini tez fursatda yetkazib beryapmiz. Hayvonlar, chorva mollarining juda ko‘pi nobud bo‘lgan. Hozirgacha 60 dan ortiq qoramolni egalariga bus-tun topshirdik”, deydi Mudofaa vazirligi kapitani Jasurbekov Begimqulov. 

Jasur Begimqulov

“Sardoba” suv ombori to‘g‘onining yorilishi tabiiy ofatmi yo gidrogen omillar sabab sodir bo‘lganmi, hozircha bu bizga qorong‘u. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ushbu ish bo‘yicha huquq-tartibot organlari o‘z so‘zini aytadi va aybdorlar kim bo‘lishidan qat’i nazar jazosini oladi. 

Odamlar uchun bu kunlar unut bo‘lmasligi aniq, ammo hayotida yangi sahifa ochadi. Yangi mahalla, yangi ko‘chalar barpo bo‘ladi. Xotiralar ham qaytadan jonlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

368

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing