Sardobadagi toshqinda vayron bo‘lgan ba’zi ob’ektlarni tiklashga 4,4 mlrd ajratildi
Jamiyat
−
27 dekabr 2021
2658Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun davlat byudjetidan 4,4 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimining tegishli farmoyishida keltirilgan.
Farmoyishga ko‘ra, 3 milliard so‘m mablag‘ Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari xavza boshqarmasiga, 1,4 mlrd so‘m mablag‘ Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari xavza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasiga ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi 2020 yil 1 may kuni yorilishi oqibatida yirik suv toshqini yuz bergandi. Oqibatda Sardoba tumanidagi “Yurtdosh”, “Do‘stlik” va “Qo‘rg‘ontepa” MFYlari, Mirzaobod tumanidagi “Saxovat”, “Ahillik” va “Shodlik” MFYlari hamda Oqoltin tumanidagi “Do‘ngariq”, “Mirzacho‘l”, “Haqiqat” va “Navbahor” jami 10 ta MFYlaridagi aholi punktlarida turar va noturar mulklar, ijtimoiy soha obektlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy talafot yetdi.
Bosh prokuratura Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishiga loyihalashdagi xatoliklar, qurilish jarayonida me’yorlarga rioya qilmaslik, ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklarni sabab qilib ko‘rsatdi. 2021 yilning mayida “Sardoba ishi”da aybdor deb topilgan 17 kishiga sud hukmi o‘qildi.
LiveBarchasi