Sanjay Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi

Madaniyat-san’at

image
0:00
0:00
download

Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Sanjay tahallusi bilan ijod qilayotgan Djavberdiyev Sanjar O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari matnini huquq egalarining ruxsatisiz o‘zgartirgan holda ijro etgani sababli Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga chaqirtirilgani haqidagi videoyozuvlar tarqalgan edi.

Sababi, Intellektual mulk agentligi Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotning murojaati asosida Sanjar Djavberdiyev tomonidan she’r muallifi Usmon Azimov hamda O‘zbekiston halq artisti Sh.Jo‘rayev ijrosidagi “Karvon” nomli qo‘shig‘ini va she’rini asar yaxlitligini buzgan holda mualliflarning roziligisiz ijro etilgan holatlarni aniqlagan hamda Sanjayga nisbatan Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli chora ko‘rish uchun sudga kiritilgan.

Joriy yilning 9 mart kuni Navoiy viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan xonanda Sanjar Djavberdiyev (Sanjay)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1771-moddasi birinchi qismi bo‘yicha jarima jazosi tayinlandi.

Ma’lumot o‘rnida, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 62-moddasiga asosan mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.

Qonunning tegishli moddalarida muallif huquqlari aniq keltirilgan. Xususan, ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida “cover” ijro tushunchasi kiritilmagan. Xorijiy davlatlarda “cover” ijro mavjud. Bu bo‘yicha taraflar shartnoma asosida faoliyat yuritishadi. Ya’ni o‘zganing asarini cover sifatida ijro qilmoqchi bo‘lgan ijrochi muallifdan ruxsat so‘ragan holda shartnoma tuzishi hamda shartnoma bo‘yicha huquq egasiga mualliflik haqini to‘lashi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

489

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing