Sanoati rivojlangan tumanlarga 200 mlrd ajratiladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
14 dekabr 2021
4280O‘zbekistonda sanoati rivojlangan 27 ta tumanga 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Videoselektorda Shavkat Mirziyoyev xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun har bir hududga alohida yondashuv zarurligini ta’kidladi.
“Bir narsani aniq tushunish lozim - xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun har bir hududga alohida yondashuv zarur”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Bunda aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib hududlarda xizmatlarni 3 ta yo‘nalishda rivojlantirilishi aytib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, birinchi yo‘nalishda:
• xizmatlar 158 ta qishloq tumanlarining ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantiriladi;
• yirik turistik ob’ektlari mavjud 45 ta hamda 40 ta tog‘li va tog‘oldi tumanda “tayyor loyiha” asosida turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi;
• yangi mehmonxona, dam olish maskanlari uch yil davomida mol-mulk va yer solig‘ini 2 barobar past stavkada to‘laydi;
• turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etilib, uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada, mol-mulk va yer soliqlari esa hisoblangan summadan 1 foizi miqdorida belgilanadi;
• oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mehmon uylarini tashkil etish va ta’mirlash uchun ham imtiyozli kredit ajratiladi;
• qishloqlarda yangidan o‘rnatiladigan aloqa operatori stansiyalari mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi. Bazaviy stansiyalardan birgalikda foydalanish huquqi beriladi.
Mirziyoyevga ko‘ra, sanoati rivojlangan 27 ta tumanda savdo, umumiy ovqatlanish, logistika, mehmonxona, texnik xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar maskanlar xizmatlariga ustuvorlik beriladi.
Shuningdek, Prezident yirik investitsiya loyihalari atrofida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshrig‘ini bergan.
Bunda kamida 50 mingta ish o‘rni yaratish nazarda tutilishi kerak. Bu maqsadlar uchun ushbu 27 ta tumanga 200 milliard so‘m ajratiladi.
Qishloq xo‘jaligida daromad yuqori bo‘lgan tumanlarda umumiy xizmatlar bilan birga zamonaviy agroxizmatlar rivojlantiriladi.
Chegara oldida joylashgan 25 ta hamda hududidan xalqaro avtomagistral va temir yo‘llari o‘tgan 100 ta tuman savdo va logistika xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashadi.
LiveBarchasi