Samarqanddagi shifoxonalarda 7 mlrdlik byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan – KQKA

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha hududlarda o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimida 7 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Agentlik tomonidan Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorat departamenti va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimlarida byudjet mablag‘lari, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilish holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganishlarda viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 9,256 mlrd so‘mlik dori vositalariga muqobil tijorat takliflari mavjud bo‘lgani holda, 14,902 mlrd so‘mga, ya’ni 5,643 mlrd so‘m qimmat narxlarda davlat xaridlarni amalga oshirilgani aniqlangan. Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda 4,999 mlrd so‘mlik qiymatdagi tender va 186,1 mln so‘mlik elektron do‘kon shaklidagi xaridlar davlat xaridlariga oid qonun talablariga zid ravishda tashkil qilingan.

Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 2020 yil 9 oyi davomida jami 1 mlrd 384 mln so‘mlik talon-torojlik, moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

“Misol uchun, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali tomonidan tez tibbiy yordam brigadalariga jalb qilinmagan hamda ishlayotgan shtat birligiga nisbatan ortiqcha 48 nafar xodimlarga 124,5 mln so‘m rag‘batlantirish uchun mablag‘lar ortiqcha to‘lab yuborilgan”, deyiladi xabarda.

Ishchi guruh tomonidan aniqlangan talon-torojlik va suiste’molchiliklar miqdori jami 7 mlrd so‘mni tashkil etgan. O‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Bosh prokuraturaga yuborildi.

Mazkur hujjatlar asosida Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari va viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Talon-toroj

Baholaganlar

141

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar