Samarqanddagi Prezident maktabining 311,8 mln so‘mlik davlat xaridi bekor qilindi
Jamiyat
−
26 avgust 2023
6804Davlat xaridlarida ayrim buyurtmachilar tomonidan bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Agentlik tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari tekshirilganda:
- Jizzax viloyati Zafarobod tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi buyurtmachiligida 2023 yil 2 avgust kuni o‘tkazilgan 286,0 mln so‘mlik sport inventarlari xarid qilish;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi tomonidan 2023 yil 4 avgust kuni o‘tkazilgan 912,4 mln so‘mlik yozgi majlislar uchun charm tomli shiypon qurish;
- O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalar agentligi tizimidagi Samarqand shahridagi Prezident maktabi buyurtmachiligida 2023 yil 5 avgust kuni o‘tkazilgan 311,8 mln so‘mlik maktab formalari xarid qilish;
- Navoiy viloyati Qiziltepa tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 2023 yil 10 avgust kuni o‘tkazilgan 300,0 mln so‘mlik transportda yuk tashish xizmati ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan davlat xaridlarida qonunchilikka zid holatlar aniqlangan.
Jumladan, ushbu davlat xaridlarida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablariga amal qilinmagan.
Xususan, ushbu xaridlarda ishtirok etgan talabgorlarning hujjatlari xarid komissiyasi a’zolari foydalangan qurilmalar (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan hamda ayrim ishtirokchilarning takliflari xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlariga zid ravishda baholangan.
“Mazkur holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan xarid komissiyalarining bayonnomalarini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachilarga taqdimnomalar kiritilib, qonun buzilishi holatlari bartaraf etildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.
LiveBarchasi