Samarqandda yana bir universitet tashkil etiladi
Jamiyat
−
24 dekabr 2021
10516O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand davlat tibbiyot institutida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror loyihasi bilan Samarqand davlat tibbiyot instituti negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish belgilangan.
Qaror loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
- Samarqand davlat tibbiyot instituti negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish;
- Samarqand viloyati Samarqand tumani O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Universitet huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish;
- Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida tegishincha Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar kaminvaziv xirurgik klinikasini (keyingi o‘rinlarda – Universitet klinikalari) tashkil etish;
- Samarqand davlat tibbiyot instituti litseyini Universitet litseyi deb qayta nomlash;
- L.M. Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar Respublika ilmiy amaliy markazining Samarqand filiali negizida Universitet huzuridagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy tadqiqot institutini tashkil etish;
- Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyat filiali yangi binoga ko‘chirilishi munosabati bilan, filialning bo‘shaydigan Samarqand shahar Maxdumi Azam ko‘chasi, 18-uy manzilda joylashgan eski binosini Universit tasarrufiga o‘tkazib berish hamda ushbu binoda:
- Universitet huzurida Neyroxirurgiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazini tashkil etish;
- Universitet huzurida Immunologiya va inson genomikasi ilmiy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Ushbu Qaror loyihasiga ko‘ra Universitetda o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalarini mustaqil belgilash huquqi beriladi.
Qarorda belgilab o‘tilgan akademik mustaqillik doirasida Universitetda sog‘liqni saqlash iqtisodiyoti, sog‘liqni saqlash menejmenti, sog‘liqni saqlash yurispredensiyasi, bioinjineriya va tibbiy texnologiyalar, klinik psixologiya kabi sohalarda yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini ochish hamda yetakchi xorijiy hamkor universitetlar mutaxassislarini jalb etgan holda o‘quv reja va dasturlarini mustaqil ishlab chiqish amalga oshiriladi.
Shuningdek qarorda, tegishli vazirliklar va Samarqand viloyati hokimligiga Universitet va uning tarkibiy tuzilmasiga kiritilayotgan muassasalar va inshootlarni kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari va boshqa anjomlar bilan ta’minlash vazifalari yuklatilmoqda.
LiveBarchasi