Samarqandda uch kishini Meksikadan AQSHga o‘tkazib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
26 yanvar 2022 6926 2 daqiqa
Samarqandda uch fuqaroni Meksikadan AQSHga o‘tkazib qo‘yishni va’da qilgan shaxs 60 ming dollar bilan ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyatining Samarqand tumani Shalgamon mahallasida yashovchi 48 yoshli S.D. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. U 31 yoshli D.A. uni, 38 yoshli dugonasi U.N.ni hamda 40 yoshli tanishi D.F.ni noqonuniy yo‘llar bilan Meksika orqali AQSH hududiga o‘tkazib qo‘yishini aytib, har biri uchun 20 000 AQSH dollaridan hisoblab, jami 60 000 AQSH dollari evaziga ushbu harakatlarni amalga oshirib berishini va’da qilganini aytgan va D.A.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Xabarga ko‘ra, ushbu murojaat yuzasidan joriy yilning 24 yanvar kuni soat 17:00 larda Samarqand shahar Universitet xiyoboni ko‘chasida joylashgan “Zilol Baxt” mehmonxonasi oldida Samarqand viloyat IIB va DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
“Tadbir jarayonida, fuqaro D.A. S.D.dan firibgarlik yo‘li bilan 60 000 dollarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan hodisa joyida ushlanib, undan 60 000 dollar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan D.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr