Samarqandda “snos”ga tushgan hududdan qadimiy qabrtoshlar topildi
Madaniyat-san’at
−
04 noyabr 2021
12731Joriy yilning 2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand aeroporti yaqinida “snos”ga tushgan hududda olib borilayotgan qazish ishlari vaqtida tuproq ostidan noma’lum artekfakt topilgani haqida xabar tarqalgandi. Madaniy meros agentligi Samarqand shahrida topilgan qadimiy artefakt yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand arxeologiya instituti va SamDU tarix fakulteti xodimlari shahar aeroporti hududini rekonstruksiya qilish jarayonida topilgan artefaktlarni borib o‘rganishgan.
O‘rganish jarayonida o‘lchami 154x50x34 santimetrli sandiq shaklidagi qabrtosh oq marmardan ishlangani, toshning usti va yon tomonida “Baqara” surasining 254, 256-oyatlari tushirilgani ma’lum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, qabrtoshning ayrim qismlari yaxshi saqlanmagani sabab shaxsning dafn etilgan vaqti va to‘liq ism-sharifi haqida ma’lumot olish murakkablashmoqda. Dastlabki ko‘zdan kechirish natijasida unda “Oqila bibi” deb yozilgani aniqlangan.
Ikkinchi qabrtosh qora marmar toshdan ishlangan. Unda hijriy 1049 (1659) yil sanasi bitilgan. O‘lchami 116x37x25 santimetr. Qabrtosh sohibining ismi yozilgan tomoniga shikast yetgani sababli hozircha bu borada ma’lumot mavjud emas.
Qabrtoshlar Samarqand o‘lkashunoslik muzeyiga olib borilgan. Tadqiqot ishlari davom etmoqda.
LiveBarchasi