Samarqandda “Tolibon”ni “fanat”lari o‘rab olganmidi? O‘MI izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolar O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati  delegatsiyasini o‘rab olgani aks etgan suratlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi izoh berdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va bir guruh mamlakat ulamolari Samarqand viloyatida mo‘min-musulmonlar bilan yaqindan muloqot qilish hamda jome masjidlarda namozxonlarga ma’ruza qilish maqsadida, ushbu viloyatning turli hududlarida bo‘lgan.

“Mazkur safar davomidagi aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar, masjid qavmlari ila ma’rifiy suhbatlar hamda xalqimizning diyorimiz imomlari, xususan, Muftiy hazratlariga bo‘lgan hurmat-ehtiromlari ko‘pchilikni mamnun etdi. Bunday lahzalar ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali ham keng yoritildi.

Mana shunday fayzli suhbatlardan biri joriy yil 29 iyul kuni Samarqand shahrida joylashgan "Namozgoh" masjididagi Juma namoziga yig‘ilgan katta jamoat bilan bo‘ldi. Ushbu jomedagi mav’izadan ta’sirlangan masjid qavmi yakunda Muftiy hazratlarining duolarini olish uchun yo‘l yoqasiga qadar to‘p-to‘p bo‘lib, kuzatib bordilar.

Lekin ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qayd etganimizdek, Muftiy hazralarini ziyorat qilishga intilgan mo‘min-musulmonlarni go‘yoki “Afg‘oniston Muvaqqat hukumati vakillari (“Tolibon”) muxlislari”, deya asl vaziyatdan odamlarni chag‘itishga urinib, ijtimoiy tarmoqlarda turli izohlar yozganlar”, deyiladi xabarda. 

Idora ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bunday izohlarni yozmaslik va ularni tarqatmaslikni iltimos qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston Muvaqqat hukumat vakillari O‘zbekistonga 26 iyul kuni o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun kelgandi.

Joriy yilning 29 iyul kuni esa Afg‘oniston Muvaqqat hukumatining Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqi va Moliya vaziri Badri Sohib Samarqand shahrida Juma namozini o‘qidi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

546

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing