Samarqandda IIO xodimlari mahbusning qovurg‘alarini sindirgani aytilmoqda
3-sahifa
−
27 Oktabr 2022
9690Joriy yilning 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “Ichki ishlar xodimlari kaltaklaganmi yoki “mototsikldan yiqilgan”mi” sarlavhali xabar keng tarqaldi. Unda Urgut tumanida yashovchi mahbus A.E.ga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqlar qo‘llanilgani oqibatida gumonlanuvchining uchta qovurg‘asi singani va tana qismida jarohat izlari mavjudligi aytilgan.
A.E. shu yilning 1 oktyabr kuni Ichki ishlar xodimlari tomonidan hibslangan. Qariyb 20 kun davomida na yaqinlari, na advokat bilan uchrashtirilmasdan Kattaqo‘rg‘on shahridagi tergov hibsxonasida saqlangan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi orqali jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xabarga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida, Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov 23 otyabr kunining o‘zida Samarqand viloyatidagi 7-son Tergov hibsxonasiga borib, mahbus A.E. bilan holi tarzda uchrashgan.
Suhbat davomida mahbus A.E. xabarda ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlab, unga nisbatan tan jarohati yetkazilganligini ma’lum qildi va holat o‘rganilib, tegishli xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab Ombudsman nomiga murojaat qildi.
“O‘rganish davomida mahbusning tibbiy holatiga oid ma’lumotlar ham olindi.
Mahbus A.E.ning murojaati va yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishi bo‘yicha Ombudsman nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilindi”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlariga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish va qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatilgan.
LiveBarchasi