Samarqandda ETK rahbarini pichoqlagan fuqaro bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

3-sahifa

image

Avvalroq Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Qoradaryo elektr ta’minoti korxonasi rahbari elektr energiyasi iste’molchisi tomonidan pichoqlangani haqida xabar bergan edik. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni ochiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda faoliyat yurituvchi “Zarina fayz kelajagi” MCHJ korxonasi elektr energiyasidan 57 mln so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorligi uchun tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari tomonidan o‘chirilgan.

Shundan so‘ng, MCHJ rahbari “Qoradaryo” elektr ta’minoti korxonasi rahbari Pirxon Nazarovdan elektr energiyasidan qarzdorligi mavjud bo‘lsada, tarmoqqa qayta ulab berishni talab qilgan. Korxona rahbari, o‘z navbatida, qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgach, iste’molchi tarmoqqa qayta ulanishini ma’lum qilgan.

Korxona rahbarining asosli talabini bajarishni istamagan MCHJ rahbari kelishmovchilik davomida yonida olib kirgan pichoq bilan o‘qtalib, tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbarining bo‘yin qismiga jarohat yetkazgan.

Qayd etilishicha, hozirda tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari shifoxonaga joylashtirilgan va shifokorlar nazoratida. Ahvoli qoniqarli. O‘tkazilgan tahlillar natijasida uning chap tomonlama bo‘yin old yon sohasida kesilgan jarohat borligi aniqlangan.

Ayblanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida ish qo‘zg‘atilgan hamda protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 1 aprel kunidan boshlab Samarqand viloyatida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan joylarda elektr energiyasidan katta miqdorda qarzdor bo‘lgan hamda turli xil yo‘llar bilan tarmoqqa noqonuniy ulanib olgan tadbirkorlik sub’ektlari va aholi xonadonlarini aniqlash hamda tegishli tartibda ayni qonunbuzarlik uchun jarimaga tortish yuzasidan chora-tadbirlar  olib borilmoqda. Xususan, 13 kun mobaynida ishchi guruhi tomonidan viloyatda 130 dan ortiq iste’molchi elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanayotganligi aniqlanib, ular tomonidan yetkazilgan 1334,8 ming kVt•soat elektr energiyasi yoki  400,4 mln so‘m qayta hisoblangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

259

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing