2023 yilda Samarqand Butunjahon turizm poytaxtiga aylanadi

Jamiyat

image

Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ayni damda Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNWTO’ning 24 sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra shu haqda ma’lum qildi.

“Shunisi diqqatga sazovorki, tarixda birinchi marta BMT oilasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Bularning bari Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, turizm sohasini rivojlantirish hamda bu orqali mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y harakatlari natijasidir. Ta’kidlash lozimki, UNWTO 25-Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda o‘tkazilishi bu yerga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad ko‘rishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori darajadagi tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi jahon ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini tortishi shubhasiz, bu esa oxir-oqibat mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib etish hamda yurtimizga yana-da ko‘proq sayyohlarni jalb etish yo‘lida xizmat qiladi”, deydi Aziz Abduhakimov.

Qayd etilishicha, Madrid shahrida o‘tgan tadbir doirasida 2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasini o‘tkazish uchun O‘zbekiston va Portugaliya da’vogarlik qildi. Tadbir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston yaqqol ustunlik bilan aksariyat ovoz to‘plab, 2023 yilgi Bosh assambleyani qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazishga kelishildi.

Ta’kidlanishicha, UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta o‘tkaziluvchi eng muhim turistik forum bo‘lib, bunday yuqori darajadagi tadbir, ya’ni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi birinchi tarixiy hodisadir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing