Samarqandda 74 yoshli ayolning jasadi topildi. Qotil nabira bo‘lishi mumkin

3-sahifa

image

Joriy yilning 3 yanvar kuni Samarqand viloyatida 74 yoshli ayolning jasadi topildi. Uni 17 yoshli qiz o‘ldirgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, 3 yanvar kuni soat 17:30 atrofida Samarqand shahar “Humo” mahallasida yashovchi 1947 yilda tug‘ilgan M.R.ning jasadi uyining yotoqxonasida, qotillik alomatlari bilan topilgan. Olib borilgan tergov harakatlarida aniqlanishicha, ushbu qotillik jinoyatini mazkur uyga mehmonga kelgan 17 yoshli S.T. qilgan.

Shamsiddinovga ko‘ra, S.T. o‘sha kuni soat 14:00 atrofida xonadon egasi M.R. bilan uyali telefon apparati ustida janjallashib qolgan. Oqibatda dastlab yotoqxonada bo‘lgan shisha idish bilan ayolning bosh qismiga 3 marta zarb bilan urgan, keyin qo‘llari bilan bo‘g‘ib qotillikni sodir etgan. Jasadni esa yotoqxonada qoldirib, o‘zi hodisa joyidan yashiringan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand filialining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhuma boshining peshona o‘rta va o‘ng tomon sohalarida ko‘kargan, qontalash, shish, chap qoshida yara, burni, ikkala ko‘z atrofi, bo‘yin, o‘ng va chap qo‘l sohalarida qontalash hamda shilinmalar kabi tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.

“Voqea joyida qo‘l barmoq izlari, qonga o‘xshash dog‘ va soch tolalari bo‘lgan bir dona shisha bokal, 3 dona qonga o‘xshash dog‘lardan namuna, 12 turdagi sarg‘ish tilla rangli metalldan yasalgan taqinchoq xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olingan”, deydi Shamsiddinov.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha voyaga yetmagan S.T. himoyachi hamda pedagog-psixolog ishtirokida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat prosessual kodeksining 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

360

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing