Samarqandda 2 marta zo‘rlangan qiz qidirilmoqda. Gumondorlardan biri vafot etgan

Jamiyat

image

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘zining zo‘rlanganini aytib IIBga murojaat qilgan 17 yoshli qiz oradan bir hafta o‘tib, bedarak yo‘qolgan. Uni zo‘rlashda ayblangan fuqarolardan biri o‘z uyida vafot etgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilning 2 yanvar kuni 2004 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan P.E. Kattaqo‘rg‘on tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda fuqaro I.S. o‘zining Matiz rusumli avtomobilida uni Kattaqo‘rg‘on shahar “Chinobod” mahallasi hududiga olib borib, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkanini, shuningdek, fuqaro S.R. ham “VAZ 2106” rusumli avtomobilida uni tuman hududida joylashgan “Suv ombori” hududiga olib borib, zo‘rlab, jinsiy aloqa qilganini aytib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TB tomonidan tergovga qadar tekshiruvga kirishilib, voqea joyi ko‘zdan kechirilgan, ishga aloqador shaxslarning ko‘rsatuvlari olinib, voyaga yetmagan P.E. ning tanasida tan jarohatlariga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertiza tayinlangan.

Ishda to‘plangan dalillarga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda jinoyat ishi yuzasidan hududiy tegishliligi bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, P.E.ning arizasida ko‘rsatilgan fuqaro S.R. 2021 yil 13 yanvar kuni o‘zining Kattaqo‘rg‘on tuman “Saroyqo‘rg‘on” mahallasida joylashgan uyida vafot etgani aniqlangan.

Fuqaro S.R. ning o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 2021 yil 14 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasiga fuqaro S.S. ariza bilan murojaat qilib, unda voyaga yetmagan farzandi P.E. 10 yanvar kuni uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolganini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2334

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing