Samarqandda 14 million dollarga qurilgan tunnel bitta yomg‘irga ham chiday olmadi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilning 31 dekabr kuni foydalanishga topshirilgan Samarqand shahridagi tunnelning tepa qismidan suv o‘tgani aks etgan video tarqaldi. Unda qayd etilishicha, 14 million dollar evaziga 3 yil davomida qurilgan tunnel 3 kunga bormay nurashni boshlagan. 

Holat bo‘yicha izoh olish maqsadida QALAMPIR.UZ muxbiri Samarqand viloyati hokimligi Matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev bilan muloqot qildi. 

Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, tunnel hali to‘liq foydalanishga topshirilmagan, qurilish ishlari esa davom etmoqda. 

“Yomg‘ir yog‘ganligi sabab tirbandlik yuzaga kelmasligi uchun mashinalar harakatlanishiga ruxsat berilgan edi, ammo hali tunnel to‘liq foydalanishga topshirilgani yo‘q, qurilish ishlari davom etmoqda”, deydi hokimlik ma’suli.

Shuningdek, Manuchehr Mirzayev mazkur holat yuzasidan tez orada Samarqand shahar hokimligi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirishini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, tunnel qurilishi 2019 yil oxirida boshlangan bo‘lib, qurilish ishlariga 143 mlrd so‘m sarflangan. Bu mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan. 

Tunnel shaklidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 675 metr. Inshootning estakada qismi uzunligi 20 metr, balandligi 5,7 metr va kengligi o‘rtacha 26,3 metrni, tirgak devorlarining umumiy uzunligi 551 metrni tashkil etadi.

2021 yilning 31 dekabr kuni tantanali ravishda tunneling ochilish marosimi o‘tkazilib, unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etgandi. Hokim samarqandliklarni tunnel ochilganligi va Yangi yil bilan tabriklagan edi. Agar tunnel sinov tariqasida ish boshlagan bo‘lsa, nega hali bitmagan tunnel uchun shuncha pul va hokimbuvaning qimmatli vaqtlarini sarflab tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1027

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing