Samarqandda 10 ming o‘rinli masjid qurilyapti. Prezident qurilish joyiga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 iyul kuni Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Ayni vaqtda Samarqandda Imom Buxoriy majmua qurish ishlari ketmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.

Davlat rahbari shu boradagi ishlarni ko‘zdan kechirgan, ziyoratchilarga barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

“Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada ko‘payadi. Ayniqsa, nuroniylar ko‘p keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va ma’rifiy, balki ulkan madaniy markaz ham bo‘lishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qo‘yish kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Butkul yangicha qiyofa kasb etayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident Samarqand tumanida barpo etilayotgan Turizm markazini ham borib ko‘rdi.

Bu yerda 8 ta mehmonxona, kongress xoll, “Abadiy shahar” karvonsaroyi qurilmoqda. Eshkak eshish kanali tartibga keltirilib, atrofda bog‘ yaratilmoqda.

Davlat rahbari bu yerda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, xalqning madaniyati, ma’rifati, milliy taomlarini namoyon etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

445

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing