Samarqandda hokimning “jiyani” qamaldi 

3-sahifa 19188
image

Samarqandda o‘zini hokimning jiyaniman deb tanishtirib, odamlardan pul undirib kelgan Xaqaro Islom Akademiyasi talabasiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Aniqlanishicha, Xaqaro Islom Akademiyasi "Islomshunoslik" fakultetining 29 yoshli talabasi hammaga o‘zini “hokimning jiyaniman”, deb tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan pul undirib kelgan. Lekin uning hokimning jiyani ekani tasdig‘ini topmagan. Qolaversa, soxta jiyan fermer xo‘jaligi raisiga o‘zini Davlat xavfsizligi xizmati xodimi sifatida tanishtirgan. 

Qayd etilishicha, firibgar yigit 2021 yil fermer xo‘jaligi raisiga g‘alla hosili bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni yo‘q qilib berishini va’da qilgan. Xizmat evaziga u 700 AQSH dollarni olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Rais ikkinchi marta ham unga aldanib, soliq bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni nol qilib berishi uchun 2 mln 800 ming so‘m bergan.

Shuningdek, u va uning bojasi o‘zlarini DXX xodimi sifatida tanishtirib, maktab balansida bo‘lgan, hozirda foydalanilmayotgan 3 sotix yer maydonini 10 ming AQSH dollari evaziga Xalq ta’limi vazirligi orqali Jomboy tuman hokimligining zaxirasiga oldirishni aytgan. 

Keyinchalik esa firibgarlar yerni auksion savdosiga chiqarish uchun tuman va viloyat hokimligidagi bir nechta yaqin tanishlarini moddiy manfaatdor qilib, olib berishni va’da qilgan. Yer xaridoriga “Jomboy tuman hokimi Qayum Sobirov mening tog‘am bo‘ladi”, deb tanishtirgan va ishonchiga kirgan.

Mazkur holat yuzasidan Jomboy tuman sudining ochiq sud majlisida firibgarlar Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan har oylik ish haqining 30 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatishlari jazosi, 211-modda (Pora berish) 2-qismi “a” bandi bilan JKning 57- moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yarim yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 575
Reyting: 3
t
×