Avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qaziganlarga javobgarlik belgilanadi
Jamiyat
−
08 dekabr 2019
5207Avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish holatlari aniqlangan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama etildi.
Deputatlar dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama qildi.
Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ko‘plab muhokamalar, bahs-munozaralar o‘tkazildi. Ushba jarayonda fraksiya deputatlari ham faol ishtirok etib, yangi tashkil qilinayotgan kichik biznes sub’ektlariga ma’lum muddat soliq imtiyozi berish, mavsumiy ishlar bilan band aholiga mavsumdan tashqari paytda – tadbirkorlik faoliyatini yuritmagan davrda soliq ta’tili joriy etish kabi takliflarni ilgari surdi. Mazkur takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topdi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari ikkinchi o‘qishga tayyorlangan ushbu qonun loyihasini partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, qizg‘in muhokama qildi va takliflarini bayon etgan holda, uni qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, deputatlar O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari tashabbusi bilan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish, muhandislik kommunikatsiyasi tarmoqlarini qurish-ta’mirlashda shahar ko‘chalari va boshqa aholi punktlarining yo‘l qoplamasini demontaj qilish hamda tiklash bo‘yicha ishlarni nazorat etishda muhim omil bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish organlari vakolatlarini belgilovchi alohida yangi 2684-modda kiritish taklif etilmoqda. Ya’ni, avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek, yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish va yo‘l-qurilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
Fraksiya a’zolari mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining vakolatlari aniq belgilanganini alohida e’tirof etdi.
LiveBarchasi