Salmon Rushdiyga hujum qilgan shaxs 25 yilga qamalishi mumkin
Olam
−
19 avgust 2022
6312Kecha, 18 avgust kuni AQSHning Nyu-York shtatida yozuvchi Salmon Rushdiyga hujum qilgan 24 yoshli Hadi Matarga rasman qotillikka urinish, qurol bilan hujum qilish va tan jarohati yetkazish ayblovi qo‘yildi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayblanuvchi sudga qamoqxona kiyimida va kishanda olib kelingan. U qotillikka urinish moddasi bo‘yicha 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Sudya Matarni garov evaziga qo‘yib yuborishdan bosh tortgan. Hujum sabablari noma’lumligicha qolmoqda.
Joriy yilning 17 avgust kuni Hadi Matar “The New York Post” nashriga bergan intervyusida Rushdiyning “Shaytoniy oyatlar” romanidan bor-yo‘g‘i bir necha sahifani o‘qib chiqqanini va unga nisbatan salbiy munosabatda ekanligini aytgan.
“Men bu odamni yoqtirmayman. Men uni yaxshi odam deb o‘ylamayman”, deydi ayblanuvchi.
Shuningdek, u Rushdiyni islomga hujum qilgan shaxs deb bilishini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 avgust kuni “Buker” mukofoti sovrindori, yozuvchi, islom olami vakillarining qattiq tanqidiga uchragan kitob muallifi Salmon Rushdiy Amerika Qo‘shma Shtatlarida hujumga uchradi. Voqea Nyu-York shahrida joylashgan Chotakua institutidagi tadbir vaqti yuz bergan. Yozuvchi sahnada vaqti o‘tirganlardan biri yoniga chiqib, uni pichoqlagan.
Noma’lum shaxs Rushdiyni jamoatchilikka tanishtirish vaqtida unga hujum qilgan va kaltaklagan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan.
Rushdiy Hindistonning Mumbay shahrida tug‘ilgan. U 1998 yilda yozgan “Shayton oyatlari” nomli romani bilan tanqidlarga uchragan. Uning asarlari Hindiston, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Somali va boshqa mamlakatlarda taqiqlangan.
Roman nashr etilganidan bir yil o‘tib, Eron yetakchisi Oyatulloh Ali Homanaiy fatvo (farmon) chiqarib, kitobning chiqarilishiga aloqador bo‘lganlarning hammasini qatl qilishga buyurgan. Eronning turli jamg‘armalari Rushdiyning boshi uchun mukofotni 3,3 mln dollargacha ko‘targan.
Shundan so‘ng, G‘arb mamlakatlarida, xususan, AQSH va Britaniyadagi mazkur kitob sotiladigan do‘konlarga o‘t qo‘yish va hujumlar boshlangan, Yaponiyada esa kitob tarjimasi muallifi o‘ldirilgan.
1990 yilda Rushdiy Islom diniga hurmat so‘zlarini izhor qilib, omma oldida kechirim so‘radi, biroq Eron Hukumati fatvoni bekor qilmadi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi