Saidova prokurorga qarshi: “Din qo‘mitasi xulosasiga ehtiyoj yo‘q”

Jamiyat

image

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasida 2020-2030 yillarda gender tenglikka erishish strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh prokuratura vakili Adxam Odinayev gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishidan avval Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yoki Musulmonlar idorasining fikri, xulosalari olinishi lozimligini aytdi. Biroq Yuristlar malakasini oshirish markazi vakili Lola Saidova xodimga O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanini eslatib, loyihani qabul qilishda yuqoridagi tashkilotlarning xulosalariga ehtiyoj yo‘qligini tushuntirdi.

“Gender tenglik bilan bog‘liq masalalarda diniy taraflarga ham e’tibor berish kerak. Prokuratura xodimi bo‘la turib bu haqda gapiryapti, noto‘g‘ri fikr yurityapti, degan  o‘ylov bo‘lishi mumkin. Lekin, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yoki Musulmonlar idorasining fikri ham kerak.

Ayollar va erkaklarning huquqlari tengligi bo‘yicha biz qonuniy tarafdan ishni olib boramiz. Lekin haqiqiy amaliyotda qiynalamiz. Chunki ayrim erkaklarga ayol va erkakning tengligini, gender tenglik masalasini tushuntira olmaysiz. Shuning uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yoki Musulmonlar idorasidan vakil bo‘lishi kerak. Ularning fikri olinishi zarur. Ularning taqrizidan o‘tkazilishi lozim. Shundan keyin bu masalada yangi fikrlar ham paydo bo‘lishi mumkin”, deya o‘z shaxsiy fikrlarini bildirdi Bosh prokuratura xodimi.

U shuningdek, yangi qabul qilinayotgan loyihani har bir tashkilot birinchi rahbari darajasigacha olib chiqilib, uning fikri inobatga olinishi vaqtdan yutilishi va loyihani realizatsiya qilishda muhim rol o‘ynashini bildirdi. Prokurorning fikrlariga Yuristlar malakasini oshirish markazi vakili, yuridik fanlari doktori Lola Saidova o‘z e’tirozlarini bildirdi.

“Gap shundaki, O‘zbekiston dunyoviy davlat – bu bir. Ikkinchidan, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston qabul qilayotgan har qanday rejalarda dunyoviy davlat imkoniyatlaridan foydalanilib, Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan me’yorlar bo‘yicha huquqiy makon shu yerda yaratildi. Huquq strategiyasiga ko‘ra, diniy tashkilotlar erkin tashkilotlar hisoblanadi.

Loyihani ko‘rib chiqishni din ulamolariga beramiz deyapsiz. O‘zbekiston ko‘p millatli davlat. Bu strategiya loyihasi 130 xil millat vakiliga tegishli hisoblanadi. Ehtimol Din qo‘mitasi xulosasini olish kerakdir, lekin shaxsan mening fikrim – bunga ehtiyoj yo‘q. Chunki, O‘zbekistonda din ishlari davlat ishlaridan alohida yuritiladi.

Men mustaqillik yillarida biror bir katta hujjatlar, inson huquqlariga oid muhim dasturlar Din qo‘mitasining xulosasi bilan olinganini eslolmayman. Agar shunday qilish kerak bo‘lsa, qilish kerakdir. Inson huquqlariga oid masalalarda dinni asos qilib “bu to‘g‘ri emasdi” yoki “bu yeri diniy arkonlarga zid kelmoqda” degan xulosalar qanchalik bu strategiyada o‘z ifodasini topadi? Albatta, bizning hayotimizda, oilamizda diniy normalar muhim o‘rin tutadi. Lekin u ijtimoiy hayotda, davlat boshqaruvida, davlatning rivojlanish bosqichlarida muhim o‘rin tutmaydi. Chunki bu bizning erkinligimiz kiruvchi kategoriyalar bilan baholanadi”, deydi Saidova.

Tadbirda qatnashayotgan Din ishlari bo‘yicha vakil ham Lola Saidovaning fikrlarini ma’qulladi. Tashkilot tomonidan strategiya loyihasi o‘rganilgani va e’tirozlari yo‘qligini aytdi. Shundan so‘ng, Bosh prokuratura vakili yig‘ilishda Din qo‘mitasi vakili borligini bilmaganini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, gender tenglik bu – har qanday sohada faoliyat olib boradigan erkak va ayollarga teng huquq va imkoniyatlar yaratish hisoblanadi va bunda biri ikkinchisidan afzal ko‘rilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

315

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing