Saida Mirziyoyeva jamoatchilikni Samarkand Half Marathon'da ishtirok etishga chaqirdi
Jamiyat
−
17 Sentabr 2020
10588Joriy yilning 1 noyabr kuni O‘zbekistonda ikkinchi bor Samarkand Half Marathon xayriya yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi - Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva jamoatchilikni ushbu marafonda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, u xayriya marafonidan tushadigan mablag‘lar nimaga sarflanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu yilgi yarimmarafonning asosiy maqsadi — autizm spektrining buzilishiga chalingan insonlar muammosiga e’tiborni qaratishdir.
"Bunday mavzularni chetga surib qo‘ymaydigan va autizm muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etadigan loyihalar mavjudligi juda yaxshi", deydi Mirziyoyeva.
Yarimmarafon saytida yugurish musobaqasi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan tashqari, inklyuziv muhitni yaratish bo‘yicha jahon mutaxassislarining ma’ruzalari va mahorat darslari bo‘yicha katta o‘quv bloki joylashtiriladi. Bu autizmga chalingan bolalarning ota-onalari va aholining autizm srektrining buzilishi haqida bilimini oshiradi.
"Istalgan mamlakat fuqarosi xayriya tadbirini qo‘llab-quvvatlashi va Samarkand Half Marathon loyihasida ishtirok etishi mumkin. Bu yil yarimmarafon virtual formatda o‘tkaziladi: har bir ishtirokchi joy, vaqt va hatto masofani o‘zi tanlaydi. Ta’kidlab o‘tishim joiz, ushbu yarimmarafondan tushgan barcha mablag‘lar O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining birida autizm spektrining buzilishiga chalingan bolalar uchun badiiy studiyani tashkil etishga sarflanadi.
Kelinglar, Samarkand Half Marathon'ni qo‘llab-quvvatlaymiz. Imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ularga kelajakda yanada mazmunli hayot kechirishiga yordam beradi. Yarimmarafon tashkilotchilariga ham o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman, ular bizga mana shunday xayriya tadbirlari uyushtirish kerakligini va bu orqali barchamizni yagona ezgu maqsad — haqiqatan ham muhtojlarga yordam berish yo‘lida birlashishimiz mumkinligini ko‘rsatib berdi", deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili o‘tkazilgan yarimmarafonda asosiy e’tibor ko‘zi ojizlar muammolariga qaratilgan edi.
LiveBarchasi