Saida Mirziyoyeva lavozimga kirishganidan so‘ng ilk yig‘ilishini o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi markaziy apparati va tizim korxonalarining rahbar xodimlari uchun navbatdagi xizmat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik direktori Komiljon Allamjonov va kuni kecha direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Saida Mirziyoyeva ishtirok etgan. 

Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu yig‘ilish Saida Shavkatovnaning lavozimga kirishganidan keyinga ilk yig‘ilishi. 

"Yangi haftaga mo‘ljallab qo‘ygan ishlarimiz ko‘p: Bo‘kada beshta tashabbus borasidagi ishlarni tugallash, Urganchda o‘tkaziladigan «Central Asia-2019: fan, ta’lim, madaniyat, biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» XIII xalqaro konferensiyasiga tayyorgarlik, «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi bo‘yicha ishlarni davom ettirish, tegishli qonun loyihalari muhokamasini tashkil qilish...

Bizga yuklatilgan vazifalar qanchalik og‘ir bo‘lmasin, butun jamoamiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, albatta, ularni ado etamiz! Yangi hafta har birimiz uchun unumli va barakali bo‘lsin!", deb yozadi ushbu yig‘ilish haqida Allamjonov Facebook sahifasida. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. 

Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imijini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’ul bo‘ladi. 

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, Agentlik direktori o‘rinbosarlarining maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosariga tenglashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

316

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing