Sabzi narxi tushishi kutilmoqda
Jamiyat
−
22 iyun 2021
9775O‘zbekistonda tez orada sabzining narxi normal holatga kelishi kutilmoqda. Sababi, erta bahordagi sovuq ob-havo tufayli to‘liq yetilishi deyarli bir oyga kechikkan “ertaki sabzi” hosilining yig‘im-terim ishlari boshlandi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
“Ommaviy terim ishlari iyul oyining dastlabki kunlariga belgilangan. Bu bozorni yangi sabzi bilan to‘liq ta’minlanishiga va ushbu sabzavot narxining tushishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.
2021 yilda barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan umumiy hisobda 124,4 ming gektar maydonda (o‘tgan yildagiga nisbatan 18,2 ming ga ko‘proq) sabzi ekish rejalashtirilgan, hammasi bo‘lib 2,3 mln tonna sabzi hosili olish mo‘ljallangan.
Qayd etilishicha, mamlakat aholisining sabziga bo‘lgan bir yillik ehtiyoji 800 ming tonnani tashkil etadi. Yetishtirilgan sabzi hosilining qolgan hajmi eksport va qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Aholining iste’mol savatidagi sabzining ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Qish-bahor mavsumida aholi iste’molini ta’minlash maqsadida 400 ming tonnadan ziyod sabzi zaxira qilinadi. Mamlakatimizda sabzini qayta ishlovchi 250-300 ming tonna quvvatga ega 55 ta korxona faoliyat yuritadi. Ular tomonidan sabzi asosan quritilgan, shok holda muzlatish shaklida qayta ishlanadi. Qayta ishlashga xomashyo sifatida sabzining asosan kechki navlari olinadi. O‘tgan yili 110 ming tonna kechki sabzi qayta ishlangani ma’lum qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, sabzi odatda yiliga 4 marotaba ekiladi. Noyabr-dekabr oylarida “to‘qsonbosti” usulida ekiladi (hosil odatda mart-aprel oylarida to‘liq yetiladi). To‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlarning urug‘lari qishki yog‘ingarchiliklar natijasida tuproqdagi namlikka to‘yinib, erta bahorda havo harorati 4-5 daraja bo‘lgandayoq begona o‘tlar urug‘laridan oldin unib chiqadi. 2021 yilda ertaki hosil olish uchun 2020 yil kech kuzda “to‘qsonbosti” usulida 30,3 ming gektar (yoki o‘tgan yilga nisbatan 5,8 ming gektar ko‘p) sabzi ekilgan. Ushbu usulda ekilgan sabzavot aprel-may oylarida bozorni yetarli darajada sabzi bilan ta’minlab turdi va u o‘rtacha hisobda 2000-2500 so‘mdan sotildi, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi