Rus “propaganda”siga uchayotgan o‘zbeklar yoxud Hukumatning sukuti oqibati nima bo‘ladi?

Intervyu

Kecha, 21 sentyabr tonggida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti mamlakatda qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi. Uning ortidan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik bo‘yicha qarorga ko‘ra, 300 ming kishi harbiy xizmatga chaqiriladi.

Shu sababli kechaning o‘zidayoq ko‘plab rossiyaliklar qo‘shni mamlakat hududlariga qochishga urindi. Masalan, Prezident Putinning harbiy safarbarlik haqidagi nutqidan so‘ng bir necha daqiqa ichida 21 sentyabr uchun Istanbul, Tbilisi va Yerevanga bo‘lgan barcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar chiptalari ruslar tomonidan sotib olingan. Hatto, Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha chiptalar ham kunning yarmigacha tugab bo‘lgan. Rossiyadan vodiy viloyatlariga bo‘lgan aviachiptalar narxi ham ikki baravarga oshib ketgan. 

Katta miqdorda Rossiya immigratsiyasiga duch kelayotgan boshqa mamlakatlar allaqachon  o‘z chegaralarini Rossiya fuqarolari uchun yopib qo‘ydi.

O‘zbekiston bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishi kerak? Rossiyadagi harbiy safarbarlik vaqtida u yerda bo‘lgan millionlab o‘zbek migrantlarining taqdiri qanday bo‘ladi? Shu kabi savollarga javob olish uchun QALAMPIR.UZ muxbiri migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert, huquqshunos Botirjon Shermuhammad bilan suhbatlashdi.

Uning aytishicha, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan oldin ham tizimli ravishda nafaqat rossiyaliklarni, balki boshqa davlat fuqorolarini va qamoqdagi mahbuslarni ham Ukrainadagi harbiy mojorolarga jalb qilish ishlari olib borilgan. U bu haqda gapirarkan, O‘zbekiston fuqarolarini saqlab qolish borasidagi ishlarga to‘xtalib, shunday deydi: 

“Lekin, bu borada O‘zbekiston hukumati tomonidan biror bir amaliy ish qilingani yo‘q. Faqatgina Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bergan bir nechta ogohlantirishni hisobga olmasa, O‘zbekiston hukumati o‘zining urushga bo‘lgan munosabati, O‘zbekiston fuqarolarining jalb qilinishiga, yollanishiga bo‘lgan munosabatini aniq e’lon qilgani yo‘q”.

Migrantlar bilan doimiy tarzda ishlab kelayotgan Botirjon Shermuhammad Rossiyada qamoqxonalarida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari hukumatning allaqachon esidan chiqib ketganini afsus bilan tilga oldi.

“Hukumatdagilar haligacha Rossiya qamoqxonalarida qancha fuqarolarimiz borligini bilmaydi. Faqatgina 2017 yilda e’lon qilingan ma’lumotlar bor va unga ko‘ra, 6300 dan ortiq o‘zbekistonliklar qamoqxonalarda saqlanyapti. Bu kichkina raqam emas. Ularning ko‘pchiligi uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilingan va hozirgi holatda urushga ketish taklifini qabul qilishi mumkin”, deydi ekspert. 

Uning aytishicha, Rossiyada o‘zbekistonlik mahbuslarni vatanga jo‘natish bo‘yicha 2016 yilda Farmon imzolangan. Unga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida shartnoma imzolanishi kerak. Rossiyada jinoiy ayblov bilan o‘zbekistonlik hibsga olingan  bo‘lsa va u O‘zbekistonda ham jinoyat hisoblansa, shu yerdagi qamoqxonalarda jazoni o‘tashi mumkin. Bu esa qayta sud jarayonlari va mahbusning yaqinlari uning holidan xabar olib turishi uchun qulay edi. Shartnoma bo‘yicha O‘zbekiston hukumati va Bosh prokuratura mas’ul edi. Lekin O‘zbekiston bu shartnomaga hali imzo qo‘ygani yo‘q. Bu esa Botirjon Shermuhammadning aytishicha, juda katta xavf. Natijada, bugun necha o‘zbekistonlik fuqaro rus qo‘shinlari safiga qo‘shilganini bilish esa imkonsiz. Shuning uchun,  hozirgi vaziyatda elchixona vakillari hibsxonalarga, migrantlar markazlariga borib tushuntirish ishlarini olib borishi har qachongidan ko‘ra zarurdir. 

Mutaxassis o‘zbeklarning urushga jalb qilinishining uch xil sababi borligini aytib o‘tdi:

“Birinchidan, Rossiya o‘z fuqaroligiga qabul qilish qoidalarini keskin osonlashtirmoqda. Bir yil xizmat uchun fuqarolik berilmoqda. Bu oldinlari aynan O‘zbekiston fuqarolari uchun juda qiyin edi. Fuqarolik olish niyatida yurgan o‘zbeklar bu “imkoniyat”dan foydalanib qolishi mumkin. 

Ikkinchidan, ko‘plab o‘zbek muhojirlari Rossiyada noqonuniy ishlab keladi. Ularni istalgan vaqti Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari qo‘lga olishi, deportatsiya bilan qo‘rqitib, urushga jo‘natib yuborishi mumkin. Bunga Ukrainada qo‘lga tushgan ikki o‘zbekning biri misol bo‘la oladi.

Uchinchidan, Rossiya “propaganda”si hech qachon urushda kim yutmoqda, “maxsus operatsiya” qanday kechayotgani borasidagi aniq kartinani ko‘rsatgani yo‘q. Shu sababli ko‘plab fuqarolar urushda Rossiya g‘olib bo‘lmoqda, degan fikrda. Natijada, o‘zbek fuqarolari ham rus “propaganda”siga aldanib qolishi mumkin”.

Mutaxassis bu safarbarlik va xorijiy fuqarolarning yollanishi Suriya bilan bo‘lgan vaziyatdan sira farq qilmasligini ta’kidladi:

“Moskvadagi “Saxarovo” migratsiya markazida har kuni 2000-3000 dan oshiq migrantlar hujjat rasmiylashtiradi. Ana shu yerning o‘zida ishlagani kelgan mehnat muhojirlarini harbiy jarayonlarga ochiqdan-ochiq da’vatlar bo‘lmoqda”.

U Ukrainada qo‘lga tushgan ikki o‘zbek askari haqida yana gapirar ekan, ular faqat qo‘lga tushganlari ekani, ushlanmaganlari yoki urush maydonida o‘lib ketganlari juda ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. 

O‘zbekiston hukumatining jimlik siyosatini yuritishi “O‘zbekiston Rossiya tarafda”, degan tushunchalarning paydo bo‘lishiga olib kelmayaptimi mazmunidagi savolga javob berar ekan, mutaxassis, O‘zbekiston Rossiyada katta miqdordagi o‘zbek migrantlari borligi sabab neytral pozitsiyani qo‘llashga majbur ekanini aytdi.

“Lekin, baribir to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizning va fuqarolarimizning manfaatlariga zid bo‘lgan paytda indamay turolmaymi-zku. Agar biz indamasak, faqat xo‘p deb turaversak, davlatchilik qayerda qoladi? Agar bizga “ittifoqchi” deb ataladigan davlat bizning fuqarolarimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga jalb qilib, halok bo‘lishga chorlaydigan bo‘lsa, biz qanday mustaqil davlat bo‘lamiz? Bu hech qanaqasiga to‘g‘ri kelmaydi. Biz xalqaro huquq sub’ekti bo‘lganimizdan keyin boshqa davlatlar bilan teng maqomda gaplashishimiz, kelishishimiz, kerak bo‘lsa, talashib-tortishishimiz kerak. Chunki bizga Rossiya yo boshqa davlatlarning manfaatlari emas, birinchi navbatda o‘zimizning manfaatlarimiz qiziq. Ana o‘shanda boshqa davlatlar ham bizni davlat sifatida hurmat qila boshlaydi”.

Bundan tashqari, mutaxassis O‘zbekistonda Rossiya “propaganda”siga qarshi hech qanday chora qo‘llanilmayotganidan tashvishda ekanligi bildirdi.

“Bizni hech kim, Rossiyami yoki boshqasi – bosib olmasa kerak. Yana ham Xudo biladi. Lekin Rossiya “propoganda”si – so‘nggi yillarda O‘zbekiston xavfsizligiga tahdid. Katta yoshli aholi vakillari, asosan, rus telekanallarini tomosha qiladi. Yoshlarimizning tarbiyasi haqida ko‘p gapiramizu, lekin, kattalarning tarbiyasini Rossiya ancha buzib qo‘ygan”,deb xavotir bildiradi u. 

Botir Shurmuhammadning aytishicha, Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashadigan bo‘lsa, “propaganda”ga aldangan fuqarolar mustaqillikdan ham voz kechishi, Rossiya tomonga o‘tishi, sobiq SSSRning tiklanishiga rozi bo‘lishi mumkin. 

“Bu bizning axborot maydonida yutqazganimizni bildiradi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Rossiya propagandasiga qarshi hech qanday ish qilingani yo‘q. Mayli, ularning telekanallarini O‘zbekiston hududida cheklab qo‘yishga qo‘rqarmiz. Lekin o‘zbek telekanallarida ham bunga qarshi hech qanday ish qilingani yo‘q”, deya tanqid qildi migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis.

Shuningdek, u Putin qisman safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng mamlakatda namoyishlar o‘tkazilayotgani va bu o‘zbek migrantlariga ham salbiy ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. 

“O‘zbekiston fuqarolari mitinglar bo‘lishi rejalashtirilayotgan maydonlar, ko‘chalar va “stansiya”dan uzoqroq yurishi kerak. Bunday namoyishlarning o‘zbekistonliklarga hech qanday foydasi yo‘q”, deydi ekspert.

Xo‘sh, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra harbiy safarbarlik o‘zi nima degani?

Safarbarlik yoki mobilizatsiya – bu butun mamlakatni tinchlik davridan jangovar shay holatga o‘tkazishdir. Mamlakat va viloyatlar iqtisodiyoti, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Qurolli Kuchlar ham jangovar holatga kettiriladi.
 
Qisqa qilib aytganda, mamlakat urush davri qoidalari bo‘yicha yashashga o‘tadi, sanoat armiyaga zarur bo‘lgan resurslarni ishlab chiqarishga moslashtiriladi. Harbiy majburiyati borlar, armiya yoshidagi fuqarolar zudlik bilan xizmatga yo‘naltiriladi. Zaxiraga olinganlar esa yana qayta harbiy xizatga, ya’ni urush maydonlariga jalb etiladi.

“Harbiy holat to‘g‘risida» Federal qonuniga binoan, harbiy safarbarlikning joriy etilishining sababi quyidagicha:
•    Rossiya hududiga xorijiy davlatga bostirib kirish, uning biron bir qismini bosib olish; 

•    Rossiya Federatsiyasi hududini xorijiy qurolli kuchlar tomonidan bombalash;


•    Rossiya portlari yoki qirg‘oqlarini blokirovka qilish;

•    Joylashgan joyidan qat’i nazar, xorijiy davlat Qurolli Kuchlarining Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlariga hujumi;

•    O‘z hududidan boshqa davlatga Rossiyaga qarshi tajovuz qilish uchun foydalanishga imkon beradigan xorijiy davlatning harakatlari;

•    Rossiyaga qarshi tajovuzni amalga oshirish uchun xorijiy davlat tomonidan qurolli to‘dalar, guruhlar, tartibsiz kuchlar va yollanma ishchilarni yuborish.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq shu mavzuga doir “Safarbarlik – Putindan qora xatmi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. 

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

190

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing