Rus neftiga hujum: YeI davlatlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni kelishib oldi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari Rossiyaga qarshi yangi, sakkizinchi sanksiyalar paketi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda “Politico” kecha, 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha paydo bo‘lgan rezolyutsiya loyihasiga tayanib yozmoqda.

Paket doirasida Rossiya neftiga ham narx chegarasi joriy etiladi. Nashrning yozishicha, ushbu choradan xavotir bildirgan Kipr, Gretsiya va Malta (bu davlatlarning tankerlari Rossiya neftining katta qismini tashiydi) ma’lum imtiyozlarga ega bo‘lgan.

Shuningdek, yangi paket Rossiya po‘lat va mudofaa sanoatiga cheklovlar, Yevropa Ittifoqi fuqarolariga Rossiya davlat kompaniyalari direktorlar kengashida lavozim egallashni taqiqlash, “Prezident [Vladimir] Putinga harbiy harakatlarda yordam berganlarga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalarni o‘z ichiga oladi”.

Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto, o‘z navbatida, Budapesht muhokamalar chog‘ida Rossiya nefti narxining yuqori chegarasi quvurlar orqali yetkazib beriladigan “qora oltin”ga qo‘llanilmasligi, yangi sanksiyalar esa atom energiyasiga ta’sir qilmasligini ta’minlaganini aytdi. Negaki, bunday cheklov Vengriyaga “Paksh” atom elektr stansiyasi uchun yangi energiya bloklarini qurishni qiyinlashtirishi mumkin edi.

Qarorning yakuniy tahriri 5 oktyabr kuni tasdiqlanishi kutilmoqda.

Sentyabr oyi boshida G7 davlatlari 5 dekabrdan boshlab Rossiya neftiga narxlarning yuqori chegarasini joriy etish qarorini e’lon qildi.

Dekabrdan boshlab embargo kuchga kiradi, unga ko‘ra Rossiya neftini dengiz orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga olib kirish butunlay taqiqlanadi. Yana ikki oy ichida bu taqiq avtomatik ravishda neft mahsulotlariga ham tatbiq etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

259

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing