Rus-qozoq chegarasida tirbandlik: Qozog‘iston rossiyaliklar uchun yopiladimi?

Olam

image

Rossiya fuqarolarining Qozog‘istonga kirishini cheklab bo‘lmaydi, lekin yashash uchun ruxsatnoma qonunga muvofiq va tegishli hujjatlar taqdim etilgandan keyin beriladi. Bu haqda Senat spikeri Maulen Ashimbayev ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, 21 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng, mamlakatni ko‘plab Rossiya fuqarolari tark eta boshladi.

Buning ortidan, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya-Qozog‘iston chegara punktlarida tirbandliklar aks etgan videolari tarqalmoqda. Masalan, Rossiyaning Ozinki qishlog‘i yaqinidagi G‘arbiy Qozog‘iston viloyatiga kirish punktida bir necha kilometrli tirbandlik paydo bo‘lgan. Yo‘lovchilarning ta’kidlashicha, ular 10 soatlab tirbandlikda qolishgan. Tarmoqlarda chegarani yopish haqida ham gap-so‘zlar chiqdi.

Senat spikeri Maulen Ashimbayev chegaradagi vaziyatga munosabat bildirib, rossiyaliklarning Qozog‘istonga kelib-ketishini taqiqlab bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Agar rossiyaliklar bizga kelib, keyin ketmoqchi bo‘lsa, bu yerda biron-bir ish bilan bir muddat qolishni istasa, biz cheklay olmaymiz”, deydi spiker.

Ashimbayevning qayd etishicha, Qozog‘istonda vaqtincha yashash ruxsatnomasini olish uchun Rossiya fuqarolari jo‘nab ketish varaqasini taqdim etishlari kerak.

“Agar fuqaro Qozog‘iston davlat organlariga kelib, yashash uchun ruxsatnoma, ya’ni tayyorlashi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini so‘rasa, ushbu hujjatlar orasida shaxs chiqib ketadigan davlatning roziligi to‘g‘risidagi band mavjud. Bu qonunlarimizda aniq belgilab qo‘yilgan. Agar davlat fuqaroga ketishga ruxsat bermasa, lekin u qandaydir tarzda chiqib ketgan bo‘lsa, Qozog‘iston unga yashash uchun ruxsat bera olmaydi. Rozilik – bu ketish varaqasi, tegishli imzo va muhrlar bo‘lishi kerak”, deya tushuntirgan u.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra birinchi bosqichda 300 ming Rossiya fuqarosi frontga boradi. Safarbarlik haqidagi qarordan keyin Rossiya bo‘ylab norozilik namoyishlari avj oldi. Hozirgacha 1000 dan ortiq odam hibsga olingan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

206

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing