Rumen Radev Shavkat Mirziyoyevni Bolgariyaga taklif qildi
Jamiyat
−
10 iyun 3876 3 daqiqa
Bugun, 10 iyun kui Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston yetakchisi Bolgariya Prezidentini samimiy qutlab, so‘nggi 17 yildagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekiston-Bolgariya do‘stlik va sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidlagan.
Parlamentlar, iqtisodiyot va tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda, kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlari va loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Bildirilishicha, gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda, Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan. Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashqi siyosat idoralari o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilgan.
“Savdoni, eng avvalo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, samarali yerusti va havo transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, tomonlar ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Gumanitar aloqalarni, shu jumladan akademik va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish, joriy yilda Andijon shahrida yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etishga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini oshirish, uning ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashildi.
Uchrashuv yakunida Prezident Rumen Radev Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, 10 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lgandi. Bolgariya yetakchisi Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Live
Barchasi