Roza Otunboyeva BMT Bosh kotibining maxsus vakili bo‘ldi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Roza Otunboyeva BMT Bosh kotibining maxsus vakili va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda kecha, 2 sentyabr kuni tashkilot matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytiladi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun qirg‘izistonlik Roza Otunboyevaning Afg‘oniston bo‘yicha yangi maxsus vakili va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari etib tayinlanganini e’lon qildi”, deyiladi hujjatda.

Bu lavozimda Otunboyeva BMT Bosh kotibi “xizmatlari uchun minnatdorlik bildirgan” Debora Layonsning o‘rniga keldi.

BMT matbuot xizmati Otunboyeva “boshqaruv, diplomatiya, fuqarolik ishtiroki va xalqaro hamkorlik sohasida 35 yillik tajribaga ega” ekanini ta’kidladi. U 2010 yil 3 iyuldan 2011 yil 1 dekabrgacha Qirg‘iziston Prezidenti lavozimida ishlagan.

Ma’lumot uchun, Muvaqqat hukumatga rahbarlik qilgan Roza Otunboyeva 2010 yil iyun oyida sodir bo‘lgan O‘sh va Jalolobod voqealarining asosiy aybdorlaridan biri hisoblanadi.

Muvaqqat hukumat 2010 yil aprel voqealaridan keyin tuzilgan. Unga 14 kishi, jumladan, Roza Otunboyeva (MH rahbari), Almazbek Atamboyev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (MH rahbari o‘rinbosari), Damira Niyozaliyeva (Sog‘liqni saqlash vaziri) kirdi. Emilbek Kaptagayev MH apparati rahbari edi.

2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. Ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.

Iyun voqealari bo‘yicha jinoiy tergov 2021 yil aprel oyida qayta tiklangan. Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Muvaqqat hukumat mansabdor shaxslariga nisbatan 2010 yilning may-iyun oylarida respublika janubida fojiali oqibatlarga olib kelgan sabablardan biri – Qodirjon Botirovning mamlakatdan to‘siqlarsiz noqonuniy chiqib ketishiga ko‘maklashganlik fakti bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing