Rotterdamdagi otishmada uch kishi halok bo‘ldi. Gumonlanuvchi – talaba
Olam
−
29 Sentabr 2023 3979 1 daqiqa
Niderlandiyaning Rotterdam shahrida qurolli shaxs otishma uyushtirib, uch kishini o‘ldirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Politsiyaning ma’lumot berishicha, 39 yoshli ayol va 42 yoshli erkak universitet o‘qituvchisi otishma paytida vafot etgan. E’tiborlisi, ularning jasadlari turli joydan topilgan. O‘ldirilgan ayolning 14 yoshli qizi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.
“Hujum qilgan shaxs avval xonadonda, so‘ngra yaqin atrofdagi “Erazmus” tibbiyot markazida o‘t ochgan. U xonadonda ikki kishini yaralagan, so‘ngra uyni yoqib yuborgan”, deya xabar beradi mahalliy nashrlar.
Shundan so‘ng, erkak tibbiy muassasaga borib, u yerda otishmani davom ettirgan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, “Erazmus” tibbiyot universiteti talabasi bo‘lgan 32 yoshli erkak ikkala hodisani sodir etishda gumonlanib, hibsga olingan. Rotterdam prokurori Xyugo Xillenaar jinoyat sabablari hozircha noma’lumligini aytgan. Biroq gumonlanuvchi huquq-tartibot organlariga tanish bo‘lib, 2021 yilda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan.
Ayni paytda huquq-tartibot idoralari vakillari ham hujumlarda faqat bir jinoyatchi ishtirok etgan, deb hisoblamoqda.
Akobir Sayidov
Live
Barchasi