Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatga shay turibdi

Olam

image_2021-07-06_22-28-18
0:00
0:00
download

Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat tufayli mamlakatga yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha uskunalar bilan ta’minlangan. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Andrey Rudenko jurnalistlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Bilasizki, bizning Tojikistonda 201-Rossiya harbiy bazamiz mavjud va u mamlakatga yordam berish uchun zarur bo‘lgan barcha texnikalar bilan ta’minlangan”, deydi Rudenko.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni Tojikiston bilan harbiy aloqalarni davom ettirish bilan birgalikda, chegaradagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. “Agar qo‘shimcha harakatlar talab etilsa, ular amalga oshiriladi”, deya ta’kidladi Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari.

“Barchasi Afg‘oniston shimolidagi vaziyatning qanday rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi”, deydi u.

Kecha, 5 iyul kuni Xalqaro aksilterror assotsiatsiyasi prezidenti Iosif Linder Afg‘oniston bilan bog‘liq hozirgi vaziyat tang ahvolda va beqaror ekanini aytib, voqealar rivoji keyingi geosiyosiy jarayonlarga bog‘liq holda ham sekinlashishi, ham yanada avj olib ketishi mumkinligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Kremlda Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi vaziyatning yomonlashuvi munosabati bilan Rossiya kontingentini kiritish masalasi muhokama qilinmaganligi aytildi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva vaziyatni kuzatayotganini qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qo‘shinlarining 90 foizini, allaqachon, Afg‘onistondan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari, Italiya va Germaniya ham ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi “Tolibon” harakatiga ustunlik bermoqda va ular birin-ketin mamlakat tumanlarini egallab kelmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning 50-70 foizi toliblar qo‘lida.

Bu esa o‘z navbatida Afg‘oniston hukumati qo‘shinlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ular toliblarga qarshi jangda vaqti-vaqti bilan chekinishga va hatto, qo‘shni O‘zbekiston hamda Tojikiston hududlariga qochib o‘tishga ham majbur bo‘lmoqda.

Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. Kecha, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

361

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing