Rossiyaning mahbuslarni almashish taklifiga bergan javobi bema’nilik – Oq uy

Olam

image

AQSH ma’muriyati Rossiya hukumatining hibsdagi  fuqarolarni o‘zaro almashish bo‘yicha takliflarga javobini bema’nilik deb hisoblaydi. Bu haqda jurnalistlar uchun navbatdagi brifingda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi.

“Javob taklifi kiritildi. Biz buni jiddiy javob taklifi deb hisoblamaymiz”, deydi AQSH Prezidentining rasmiy vakili Moskva va Vashington o‘rtasida tilga olingan fuqarolar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarni sharhlar ekan.

Perning so‘zlariga ko‘ra, AQSH fuqarolarini o‘zaro almashish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga imkon qadar tezroq erishmoqchi. 

“Biz (AQSH) [Rossiyaga] mazmunli taklifni ilgari surdik. Va bu borada yaxshi niyat bilan imkon qadar tezroq muzokaralar olib borishni istaymiz. Amerika rasmiylari [Moskvadan], mening hamkasblarim aytganidek, adolatsiz javob oldi”, deydi Jan-Per.

Matbuot kotibining ta’kidlashicha, AQSH tomoni fuqarolarini o‘zaro almashishga juda jiddiy qaraydi. Bu mamlakat Prezidenti uchun ustuvor vazifa.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Moskvaga Amerikada sudlangan qurol sotuvchisi Viktor Butni Rossiyada josuslikda ayblangan amerikalik Pol Uilan va Ximkida giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgan basketbolchi Brittni Grayner bilan almashishni taklif qilgandi.

Keyinchalik Rossiya hukumati AQSHga Chechenistonning sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib Germaniyada sudlangan Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimi Vadim Krasikovni mahkumlar almashinuviga qo‘shishni taklif qildi.

2012 yilda AQSH sudi Viktor Butni AQSH manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan kolumbiyalik jangarilarga qurol sotishga uringanlikda ayblab, 25 yil qamoq jazosiga hukm qilgan edi. But barcha ayblovlarni rad etgan va xalqaro havo tashish sohasida mutlaqo qonuniy biznes bilan shug‘ullanganini da’vo qilgan.

Yekaterinburgning UGMK klubida o‘ynayotgan Greyner ishi hozir Ximki sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. U Rossiyaga yetib kelganida yukidan “gashish” yog‘i topilgani uchun qo‘lga olingan. Sudda u AQSHda ta’tilda bo‘lganida shifokorning retsepti bo‘yicha tibbiy marixuana olganini va shoshib yig‘ayotganda uni tasodifan bagajiga solib qo‘yganini aytgan.

Sobiq dengiz piyodasi Pol Uilan 2020 yil iyun oyida Moskva shahar sudi tomonidan josuslikda ayblanib 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va qo‘lga olingan flesh-diskda uning Rossiya bo‘ylab avvalgi sayohatlari tasvirlari bo‘lishi kerakligini aytgan. Hozir u qamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

270

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing