Rossiyaning  xalqaro zaxiralari bir haftada keskin kamaydi

Olam

image

Rossiyaning xalqaro zaxiralari bir hafta ichida 4 milliard dollarga kamayib, 607,1 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Xalqaro zaxiralar 22 aprel holatiga ko‘ra, asosan salbiy qayta baholash natijasida hafta davomida 4 milliard dollarga yoki 0,7 foizga kamaygan holda 607,1 milliard dollarni tashkil qildi”, deyiladi hisobotda.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 15 aprel holatiga ko‘ra, xalqaro zaxiralar 611,1 milliard dollarni tashkil qilgan edi.

Rossiya Banki va Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan saqlanadigan yuqori likvidli xorijiy aktivlar bo‘lgan xalqaro zaxiralar xorijiy valyuta mablag‘lari, maxsus qarz olish huquqi, Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi zaxira pozitsiyasi va monetar oltindan iborat.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya zaxiralarining G‘arb davlatlarida joylashtirilgan 300 mlrd dollardan ortiq valyuta qismi muzlatilgan.

S&P Global Ratings (S&P) xalqaro agentligi Rossiyaning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli va qisqa muddatli kredit reytinglarini “CC” dan “SD”ga, ya’ni “tanlangan defolt”ga tushirgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov xorijiy valyutadagi reytingini “tanlangan defolt” darajasiga tushirishiga ob’ektiv sabablar yo‘qligini davo qilgan edi. 

Buning ortidan Rossiya Federatsiyasi Moliya vaziri G‘arb davlatlari Rossiyani defolt deb e’lon qilsa, Moskva sudga murojaat qilish niyatida ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

159

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing