Rossiyaning Balashixa shahrida “Stroytrakt” savdo markazi yonib ketdi (video)
Olam
−
12 dekabr 2022
3248Rossiyaning Balashixa shahrida “Stroytrakt” savdo markazi hududida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni 10 ming kvadrat metrga yetgan.
Yong‘inning dastlabki sababi kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan qisqa tutashuv deya taxmin qilingan. Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, signalizatsiya va avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi odatiy ishlagan.
Yong‘in oqibatida savdo markazi qo‘riqchisi bo‘lgan bir kishi tan jarohati olgan hamda u shifoxonaga yotqizilgan.
Yong‘inga murakkablikning to‘rtinchi darajasi berilgan. Chunki yong‘inni o‘chirish uchun zarur bo‘lgan suv manbalari voqea joyidan uzoqda joylashgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, savdo markazini o‘chirishga 110 kishi va 35 ta texnika jalb qilingan. Voqea joyida Mi-8 vertolyoti ham borligi qayd etilgan.
Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tekshiruv boshlangan. Tergov qo‘mitasi esa jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Butunrossiya sug‘urtachilar ittifoqi yong‘indan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zararni 10 milliard rublgacha deb baholagan.
Avvalroq Rossiyaning Moskva viloyatidagi “Mega Ximki” savdo markazidagi OBI gipermarketida yong‘in sodir bo‘lgandi.
LiveBarchasi