Rossiyani kuch bilan tiyib turishga urinishyapti – Putin Olaf Sholsga hasrat qildi
Olam
−
15 fevral 2022 14249 2 daqiqa
Xabar berib borayotganimizdek, bugun, 15 fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va Rossiya-Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Moskvaga keldi.
Rossiya OAVning xabar berishicha, Vladimir Putin va Germaniya kansleri o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilgan rasmiy uchrashuv 3 soatdan oshiqroq davom etgan.
Muzokaralardan keyin boshlangan matbuot anjumanida Putinning bildirishicha, “xalqaro darajadagi tashrif mobaynida tomonlar eng dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratgan”.
“Biz doimo davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga intilib kelganmiz. Federal kansler ham kelajakda foydali va o‘zaro manfaatli hamkorlikka intilayotgani bizda katta taassurot uyg‘otdi”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya rahbari.
Tomonlar bugungi kunda jiddiylashib borayotgan Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
“Yevropa va butun dunyoda xavfsizlik masalasi jiddiy so‘roq ostida qolayotgan bir paytda, biz mintaqada xavfsizlkni ta’minlash borasida muzokaralarni davom ettirishimiz o‘ta muhim”, deya ta’kidlagan Olaf Shols.
Putinga ko‘ra, uchrashuv mobaynida ikki tomonlama aloqalar va xalqaro maydondagi vaziyat ham muhokama qilingan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya xavfsizlik masalalarida G‘arb bilan muzokaralarni davom ettiradi.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya AQSH va NATOning Yevropadagi xavfsizlik masalalarini bunday erkin talqin qilishiga ko‘z yuma olmaydi, ularning xatti-harakati Rossiya xavfsizligiga zarar keltirmoqda.
"Rossiyani kuch bilan tiyib turishga urinishni biz Rossiya xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida qabul qilamiz", deya qo‘shimcha qilgan Rossiya Prezidenti.
Vladimir Putin Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Minsk kelishuvi va kelishuvdagi barcha bandlarni amalda qo‘llashda progress yo‘qligini ma’lum qilgan.
Germaniya kansleri Rossiyaning Ukraina bilan chegara yaqinidagi qo‘shinlarini ortga qaytarayotganini olqishlagan.
“Chegara bo‘ylab joylashtirilgan alohida harbiy bo‘linmalarning ortga qaytarilayotganini eshitdik va bu yaxshi qadam”, degan GFR rahbari.
Sholsning bildirishicha, muzokaralar davomida Minsk formati doirasida Donbassning alohida davlat sifatidagi maqomi haqidagi qonun muhokama qilinishiga kelishilgan.
Kreml muzokaralarning to‘liq mazmuni aks ettirilgan rasmiy bayonotni hali e’lon qilganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, GFR rahbari kecha, 14 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Kiyevda bo‘lgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat borasida muzokaralar o‘tkazgan.
Live
Barchasi