Rossiyalik “kattakon”ning o‘g‘li AQSH talabi bilan qo‘lga olindi

Olam

image

Italiyada AQSH talabiga binoan Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Aleksandr Ussning o‘g‘li Artem Uss qo‘lga olindi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.

Germaniyada Uss ishi bo‘yicha yana bir ayblanuvchi Yuriy Orexov hibsga olindi. AQSH rasmiylari ikkala mahbusni ham Amerikaga ekstraditsiya qilishni talab qilyapti.

Artem Uss, Yuriy Orexov va yana uch nafar Rossiya fuqarosi – Svetlana Kuzurgasheva, Timofey Telegin va Sergey Tulyakovga nisbatan 12 ta modda, jumladan, sanksiyalarni buzish va pul yuvish ayblovlari bilan ish ochilgan. Bu ishda Venesuela fuqarolari Xuan Fernando Serrano Ponse va Xuan Karlos Soto ham ayblanmoqda. Barcha ayblanuvchilar 30 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ayblovga ko‘ra, Uss va Orexov mudofaa sohasida qo‘llaniladigan Amerika texnologiyalarini Germaniyaning Nord-Deutsche Industrieanlagenbau GmbH (NDI GmbH) shirkati orqali sotib olgan. Uss va Orexov uning egalari bo‘lgan, Kuzurgasheva ham shu korxonada ishlagan.

Keyinchalik bu texnologiyalar Rossiyaga, jumladan Telegin va Tulyakov tomonidan nazorat qilinadigan sanksiyalangan kompaniyalarga sotilgan. Ushbu sxema bo‘yicha olingan ba’zi komponentlar Ukrainadagi jang maydonida qo‘lga olingan rus qurollarida topilgan.

Bundan tashqari, Orexov va Uss Venesuyela fuqarolari yordamida NDI GmbH kompaniyasidan foydalanib, Venesuela neftini Xitoy va Rossiyaga kontrabanda qilishgan. AQSH Adliya vazirligiga ko‘ra, ularning xaridorlari orasida “sanksiyalangan oligarx tomonidan boshqariladigan Rossiya alyuminiy kompaniyasi” ham bor. Bu odamning ismi noma’lum, gap Oleg Deripaska haqida ketayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Aleksandr Uss o‘g‘lining hibsga olinishini izohlar ekan, “bu ayblovlarning siyosiy bo‘yoqlari yaqqol ko‘rinib turibdi”, dedi.

Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Artem Uss o‘tgan yili daromadi 3,8 milliard rublni tashkil etgan “Sibugol” kompaniyasining hamta’sischisidir. 2021 yil oktyabr oyida Krasnoyarskdagi “Prospekt Mira” nashri uni Krasnoyarskning 100 nafar eng boy fuqarolari reytingida 69-o‘ringa qo‘ygan. Bundan tashqari, 2019 yilda Aleksey Navalniyning hamkorlari u Italiyada unga tegishli ikkita mehmonxona topgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

362

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made