Rossiyaga javoban NATO Yevropada qurollanishni kuchaytirmoqda

Olam

image

NATO harbiy alyansi Sharqiy Yevropada o‘z salohiyatini yanada kuchaytirmoqda. Bu haqda bugun, 24 yanvar kuni alyans rasmiy vakillari xabar bergan. 

Ma’lum qilinishicha, Rossiya chegarasiga yaqin hududlarda harbiy kema, qiruvchi samolyot va artilleriyalar soni ko‘paytiriladi.

Bundan biroz avval, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg mintaqadagi vaziyat keskinlashishi ortidan o‘z ittifoqchilari, hususan, Sharqiy Yevropada xavfsizlikni ta’minlash borasida alyans barcha zaruriy choralarni qo‘llashi haqida bayonot bergan edi.

G‘arb harbiy ittifoqining bunday keskin choralar ko‘llashiga Rossiya vaziyat keskinlashayotgani haqidagi bayonotlar bilan chiqib, o‘zining Ukraina bilan chegaradosh hududiga 100 minlab qo‘shin to‘plagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Ukrainani shimoliy, sharqiy va janubiy chegaralarini harbiy qurol-yaroq va askarlar bilan qurshab olgan Rossiya Kiyevni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arbni vahimaga berilish va noto‘g‘ri bayonotlar tarqatishda ayblamoqda. Kremlga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga hujum qilishni rejalashtirmagan va chegarada to‘plangan qo‘shinlar bilan bog‘liq holatni harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish deya atagan. 

“Biz urushga nisbatan aniq harakatlar sifatida, Shimoliy Atlantika alyansining Sharqiy Yevropa tomon siljib, u yerda qurol-yaroqni ko‘paytirayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Buning o‘zi mintaqadagi vaziyat jiddiyligidan dalolat bermoqda. Bularning barchasi biz, Rossiya, tashlayotgan qadamlar emas balki AQSH va NATO qo‘llayotgan harakatlar hamda tarqatayotgan axborotlari oqibatida sodir bo‘lmoqda”, deya bildirgan NATOning qaroriga izoh bergan Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 

U yana G‘arbni “isterika”ga berilish va “yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish”da ayblagan.

Rossiya Yevropa xavfsizlik va hamkorlik shartnomasiga binoan G‘arbdan Rossiya tinchligini ta’minlash uchun Sharqiy Yevropadagi qo‘shinlarini olib chiqib ketish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan. Kreml hozirda Vashingtondan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha taklifiga yozma javobni shu hafta ichida qabul qilib olishi kutilmoqda. 

AQSH Rossiyaning barcha talablarini “amalga oshmas” deya atagan va ularning o‘rniga Moskvaga Yevropa mintaqasida har ikkala tomonga tegishli bo‘lgan qo‘shin va qurol-yaroq sonini kamaytirish taklifini bergan. 

Ukrainaning tarafini olib Rossiyaga qarshi birlashgan G‘arb va AQSH urush boshlangan taqdirda Moskvani misli ko‘rilmagan sanksiyalar bilan “siylashi” haqida qayta-qayta ogohlantirib kelmoqda.

Hatto, o‘tgan hafta AQSH va Fors ko‘rfazidagi neft va tabiiy gazga boy Qatar o‘rtasida Rossiyadan gaz importi to‘xtagan taqdirda, Yevropani gaz bilan ta’minlash borasida muzokaralar ham o‘tkazildi. Ushbu masala bo‘yicha joriy oyning ohirida AQSH Prezidenti Jozef Bayden va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Al-Soniy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi ham belgilangan.

 

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

246

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing