Rossiyaga sanksiya kiritishdan bosh tortgan yagona Yevropa davlati unga qarshi ish qilgani aniqlandi

Olam

image

Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyaga sanksiya kiritishdan bosh tortgan Yevropadagi yagona davlat — Serbiya Kiyevga qurol yetkazib berishga rozi bo‘lgan yoki allaqachon yuborgan. Bu haqda “Reuters” Pentagonning maxfiy hujjatiga tayanib, xabar berdi.

Gap shundaki, Ukrainaning harbiy tayyorgarlik va qurol-yarog‘ so‘rovlariga Yevropa hukumatlari javoblarining qisqacha mazmuni aks etgan hujjat so‘nggi haftalarda internetda e’lon qilingan maxfiy hujjatlar qatoriga kiradi va bu AQSH sirlarining eng jiddiy oshkor etilishi bo‘lishi mumkin.

“Yevropa Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi davom etayotgan mojaroga javob” deb nomlangan hujjatda Ukrainaning harbiy yordam so‘roviga javoban 38 ta Yevropa hukumatining pozitsiyalari ko‘rsatilgan. Jadvalda Serbiya Ukraina kuchlariga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘maklashishdan bosh tortgani, ammo qurol jo‘natish majburiyatini olgani yoki allaqachon yetkazib bergani ko‘rsatilgan. Shuningdek, hujjatda Serbiya kelajakda Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash uchun siyosiy iroda va harbiy salohiyatga ega ekani ta’kidlangan.

Hujjatga NOFORN belgisi qo‘yilgan bo‘lib, bu uni xorijiy razvedka xizmatlari va harbiylarga tarqatishni taqiqlaydi. Hujjatga Birlashgan shtab boshliqlari idorasining muhri bosilgan va 2 mart sanasi keltirilgan.

Ma’lumki, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakatning Rossiya bilan chuqur tarixiy, iqtisodiy va madaniy aloqalariga qaramasdan, Ukraina urushida betaraf qolishini e’lon qilgan edi. Biroq internetga sizdirilgan hujjatlar Rossiyaga qarshi ish ko‘rilganini anglatadi.

“Agar bu hujjat to‘g‘ri bo‘lsa, bu Vuchichning Rossiyaga nisbatan ikkiyuzlamachiligini ko‘rsatadi yoki u Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun Vashington tomonidan katta bosim ostida qolgan”, deydi Jeymstaun jamg‘armasining Sharqiy Yevropa tashqi siyosati instituti eksperti Yanush Bugayski.

Serbiya Mudofaa vazirligi esa bunday ma’lumotlar haqiqiy emasligini da’vo qilgan. Serbiya Mudofaa vaziri Milosh Vuchevich Belgrad na Kiyevga, na Moskvaga qurol sotmagani va sotmasligini ma’lum qilgan.

"Biz bu yolg‘onni 10 martadan ko‘proq rad etdik, yana takrorlaymiz. Serbiya na Ukraina, na Rossiya tomoniga, shuningdek, mojaro zonasi atrofida joylashgan qo‘shni davlatlarga qurol sotmagan va sotmaydi. Shubhasiz, kimdir Serbiyani ushbu mojaroga jalb etishni maqsad qilib qo‘ygan, biroq biz doimiy ravishda tasdiqlangan siyosatimizga amal qilamiz”, degan vazir.

Shuningdek, u serb qurollari mojaro zonasiga “ba’zi sehrli yo‘llar bilan” kirib qolish ehtimolini ham istisno qilmagan. Biroq buning Serbiyaga hech qanday aloqasi bo‘lmasligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing