Rossiyadagi suvtekin “inomarka”lar reytingiga o‘zbek avtomobillari ham kiritildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyalik mutaxassislar mamlakat avtomobil bozoridagi eng arzon xorijiy mashinalar reytingini tuzdi. Ushbu reytingdan fransuz, koreys va o‘zbek avtomobillari joy oldi.

Fransiyaning Renault Logan va Renault Sandero avtomobillari reytingda 1 va 2-o‘rinni egallagan. Qayd etilishicha, 102 ot kuchiga ega 1,6 litr sig‘imli dvigatel, 4 bosqichli avtomat korobkaga ega Renault Logan mashinasi rossiyaliklarga ko‘pi bilan 926 ming rublga, konditsioner, AUX, USB, Bluetooth kabi texnologiyalarni qo‘llovchi audiotizimga hamda ayrim afzalliklarga ega Renault Sandero esa 955 ming rublga tushadi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar Rossiya bozorida o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Bu safar ham Nexia (818 ming 900 -904 ming 900 rubl) va Cobalt (829 900 - 955 900 rubl) mashinalari Rossiyadagi eng arzon “inomarka”lar reytingidan joy oldi. 

Xususan, Nexia Rossiya bozorida allaqachon tanilgan. Ilgari u Ravon R3 nomi bilan Rossiyada sotuvga chiqqan. Avtomobil 1,5 litr sig‘imli dvigateli 105 ot kuchiga ega, 5 bosqichli mexanik yoki 6 diapazonli avtomat korobka o‘rnatilgan.

Cobalt ham Rossiya bozorida mutlaqo yangi model emas. Avtohavaskorlar Cobalt haqida yaxshi fikrda. Texnik jihatdan mashina anchayin ishonchli va chidamli. 1,5 litr sig‘imli, 4 silindrli motori 106 ot kuchiga ega. Komplektatsiyasiga qarab, 5 bosqichli mexanik yoki 6 bosqichli avtomat korobka bilan chiqariladi.

Janubiy Koreyaning Hyundai Solaris avtomobili ham Rossiyaning eng arzon “inomarka”lari reytingidan joy oldi. U 5-o‘rinni egallab, reytingni yopib berdi. Garchi oxirgi yillarda mashina dizayn jihatidan katta o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsa-da, texnik jihatdan oldingi talqinlaridan farq qilmaydi.

Ushbu sedan Kappa turkumiga kiruvchi 1,4 litr sig‘imli, 100 ot kuchiga ega hamda Gamma turkumidagi 1,6 litrli, 123 ot kuchiga ega dvigatellar bilan ta’minlangan. Bularda ham mexanik va avtomat korobkalar bor. Eng arzon varianti — Active, eng qimmati — Elegance. Rossiyaliklar ushbu mashinani 890 ming rubldan 1 mln 186 ming rublgacha xarid qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2410

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing