Rossiyada vafot etgan o‘zbekistonlikning oilasiga 1 mln rubl undirib berildi

Jamiyat

image

Bugungi kunda xorijda ko‘plab o‘zbekistonlik vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda va ularning ko‘pchiligi Rossiya Federatsiyasi ulushiga to‘g‘ri keladi. Afsuski, ish jarayonida turli baxtsiz holatlar yuz berishi va ba’zan bu o‘lim bilan ham tugashi mumkin. Ammo, ish joyidagi o‘lim yoki shikastlanish ish beruvchining aybi bilan sodir bo‘lsa, marhumning qarindoshlari kompensatsiya olish huquqiga ega ekanidan ko‘pchilik xabardor emas.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Rossiyada vafot etgan o‘zbekistonlik mehnat migrantining oilasiga 1 mln rubldan ortiq mablag‘ undirib berilgan.

Qayd etilishicha, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Yu. Rossiyaning “MONOTEK STROY” MCHJda ish boshlaganidan 2 oy 5 kun o‘tib, 2020 yil 21 sentyabr kuni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan. Uning Xorazm viloyatida ota-onasi bilan birga yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i va 2019 yilda tug‘ilgan qizi qoladi.

Marhumning oilasiga zararni undirib berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan rossiyalik yuristlar jamoasi jalb etilib, uzoq davom etgan jarayonlardan so‘ng 1 mln 161 ming rubl (15 774 AQSH dollari) mablag‘ to‘lab berish bo‘yicha ish beruvchi bilan yuridik kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, marhumning oilasiga jabrlanuvchining ish joyida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani munosabati bilan 1 mln rubl atrofida kompensatsiya berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Xabarga ko‘ra, hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan ushbu mablag‘ni undirish va marhumning voyaga yetmagan qiziga 18 yoshga to‘lgunga qadar nafaqa tayinlash masalasi hal qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijiy advokatlik tashkilotlari (Rossiyada 18 ta, Qozog‘istonda 4 ta, Turkiyada 3 ta) bilan shartnomalar imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

516

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing