Rossiyada Putinning surati tushirilgan jeton chiqarildi

Olam

image
Rossiyaning Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tasviri tushirilgan kumush “Rossiya” nomli jeton taqdim etildi. Jeton Volgo-Vyatskiy zarbxonasida zarb qilingan. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Jetonning bir tomonida Putin ko‘rinishidagi portreti va “Bizning ishimiz haq, g‘alaba bizning tomonda bo‘ladi” degan yozuv tushirilgan. Ikkinchi tomonida esa, Rossiya qilich va davlat gerbi tasvirlangan qalqon ushlab turgan ayol qiyofasida aks ettirilgan.

Jeton 2025 yilda 31,1 gramm (bir troya unsiyasi) sof kumushdan tayyorlangan bo‘lib, uning narxi 25 ming rublni tashkil etadi.

Mutaxassislarning fikricha, jeton dizayni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba sharafiga ta’sis etilgan va Iosif Stalin profili tushirilgan mashhur sovet medali bilan o‘xshashliklarga ega. O‘sha medalning old tomonida Stalin tasviri, uning atrofida esa “Bizning ishimiz haq” va “Biz g‘alaba qozondik” degan yozuvlar bo‘lgan.

Mazkur sovet medali fashist bosqinchilariga qarshi vatan himoyasida qatnashganlarga berilgan bo‘lib, qariyb 15 million kishi ushbu mukofot bilan taqdirlangan.

Hozircha yangi jeton mualliflari uning dizayni sovet davridagi medalga o‘xshashligi borasida hech qanday izoh bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Prezident Donald Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota tayyorlanayotganini tasdiqlagandi. Vazirning aytishicha, qonun o‘zgarsa, banknotani muomalaga chiqarish masalasini Kongress hal qiladi. Hozirgi AQSH qonunchiligiga ko‘ra, tirik shaxslarning suratini pullarda aks ettirish taqiqlangan.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing