Rossiya va Xitoy Sharqiy Xitoy dengizida mashg‘ulotlar o‘tkazadi
Olam
−
19 dekabr 2022 4113 1 daqiqa
Rossiya va Xitoy Sharqiy Xitoy dengizida raketa va artilleriya otishmalari bilan harbiy-dengiz mashqlarini o‘tkazadi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Dengiz kuchlarining o‘zaro harakati-2022” deb nomlangan mashg‘ulot joriy yilning 21-27 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Tinch okean flotining harbiy kemalari otryadi mashg‘ulotlarda qatnashish uchun allaqachon Vladivostokdan jo‘nab ketgan. Rossiya tomonidan “Varyag” kreyseri, “Marshal Shaposhnikov” fregati, “Rossiya Federatsiyasi qahramoni Aldar Sidenjapov” va “Sovershenniy” korvetlari ishtirok etmoqda.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarning faol qismida qurollarni amaliy qo‘llagan holda suv osti kemalariga qarshi harakatlarni ham ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi dengiz hamkorligini mustahkamlash, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlash ekanligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyatida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Qurolli kuchlarining qo‘shma mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. “Tinchlik missiyasi” deb nomlangan mashg‘ulotlar avgust oyiga rejalashtirilgan. Ularda Rossiya Federatsiyasi va Xitoydan tashqari Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, O‘zbekiston ham ishtirok etadi.
Live
Barchasi