Rossiya va Xitoy NATOga qarshi birlashadi
Olam
−
04 fevral 2022
19734Xitoy va Rossiya Sharqiy Yevropa tomon siljib kelayotgan NATO va G‘arb tazyiqiga qarshi birlashadi. Pekin va Moskva rasmiylari qishki olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi oldidan o‘tkazgan muzokaralari davomida qo‘shma bayonot imzoladilar.
Bugun, 4 fevral kuni Pekin – 2022 Qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xitoyga borgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va XXR Raisi Si Szinpin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Putinga ko‘ra, G‘arb Rossiyani zaiflashtirish uchun NATO alyansidan foydalanmoqda.
Bundan tashqari, u so‘nggi paytlarda Ukraina bilan bog‘liq vaziyat taranglashib borayotgani haqida ham to‘xtalib o‘tgan. G‘arbning urush boshlanishi haqidagi iddaolariga javob qaytargan Putin, Rossiya Ukrainaga hujum qilmasligini bildirgan.
Uchrashuv mobaynida Rossiya va Xitoy rahbarlari NATOni “sovuq urush haqidagi mafkurani keng targ‘ib qilish”da ayblagan. Ammo, muzokaralarda Ukrainaga qarshi birlashish yoki unga qarshi chora ko‘rish haqida hech qanday so‘z bormagan.
Kremlning bildirishicha, uchrashuv “iliq kayfiyatda” o‘tgan va bu COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan buyun ikki davlat rahbarlarining birinchi marta yuzma-yuz ko‘rishishi.
“Rossiya va Xitoy o‘rtasida hech qanday to‘siq yo‘q va ikki davlat hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan biror bir soha qolmagan”, deyiladi Kreml bayonotida.
Bundan tashqari, tomonlar AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya o‘rtasida tuzilgan “AUKUS” xavfsizlik paktidan “jiddiy xavotirda” ekanligini bildirgan.
O‘tgan yili e’lon qilingan “AUKUS” pakti Osiyo-Tinch Okeani hududlari xavfsizligini ta’minlash uchun Avstraliyaga yadroviy qurolga ega suvosti kemalaridan foydalanish imkonini beradi. Ushbu pakt Janubiy Xitoy Dengizi hududlarida dominantlik qilishga urinayotgan Xitoy agressiyasiga qarshi tuzilgan.
Pekinning “Bir Xitoy” siyosatini qo‘llagan Moskva, mustaqillikka intilayotgan Tayvanni Xitoyning ajralib chiqqan hududi deya atab, uning qachondir yana Xitoyga qaytib qo‘shilishi tarafdori ekanini bildirgan.
Bildirilishicha, olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xitoyga tashrif buyurgan Vladimir Putin Pekinning “yulduz mehmoni” hisoblanadi. Marosimga tashrif buyurgan boshqa davlat rahbarlaridan farqli o‘laroq, XXR Raisi Si Szinpin faqat Rossiya rahbari bilangina ikki tomonlama rasmiy uchrashuv o‘tkazgan.
LiveBarchasi