Rossiya va Qozog‘iston birgalikda harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi – Putin
Olam
−
20 avgust 2022
5828Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) doirasidagi harbiy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 19 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Shuningdek, Rossiya davlati rahbari joriy yilning oktyabr oyida ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanishini va bu sanada turli tadbirlar rejalashtirilganini eslatib o‘tgan.
“Vazirlik va idoralarimiz, hukumatlararo komissiya faol ishlamoqda. Ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari, Mudofaa vazirliklari birgalikda turli tadbirlarni, jumladan, KXSHT doirasidagi qo‘shma mashg‘ulotlarni tayyorlamoqda”, deydi Putin.
Shu bilan birga, ushbu uchrashuvda qo‘shma mashg‘ulotlar rejalari ko‘rib chiqilib, kelishib olingan. KXSHTga a’zo davlatlarning milliy kontingentlari tarkibi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari belgilab olingan.
KXSHT qo‘shinlarining tarkibiy qismlarini tayyorlash mashg‘ulotlari Qozog‘iston hududidagi “Matibuloq” poligonida tezkor sharoitda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Sochi shahrida uchrashdi. Ushbu uchrashuvda Qozog‘iston joriy yilda raislik qilayotgan MDH doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi